Dushanbe shahridagi “Koʻhi Borbad” sanʼat saroyida Oʻzbekiston va Tojikiston sanʼat ustalari ishtirokida “Doʻstlik oqshomi” boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon konsertni birgalikda tomosha qildilar.
Ikki mamlakat sanʼat ustalarining bunday konsertlari xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy va samimiy doʻstlikni ifodalovchi yaxshi anʼanaga aylangan. Zero, mehr-oqibatli boʻlish, tinch-totuv yashash – xalqlarimizning azaliy orzusi va samimiy intilishidir. Bugun ushbu orzu-intilishlar hayotga koʻchmoqda, mamlakatlarimiz yetakchilarining irodasi va saʼy-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi.
Bu jihatlar bugungi konsert dasturida yana bir bor tasdiqlandi. Isteʼdodli sanʼatkorlar ijro etgan kuy-qoʻshiqlarda xalqlarimiz madaniyatining boyligi, oʻziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligi oʻz ifodasini topdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi davom etmoqda.