Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligining yorqin timsollari

0
141
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamrohligida Ashxobodda “Toshkent” bogʻining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bogʻ Turkmaniston poytaxtining Maxtumquli shohkoʻchasida, gavjum maskanda joylashgan. Uch gektar maydonda landshaftli gulzorlar tashkil etilgan, Toshkentning diqqatga sazovor joylari nusxalari barpo etilgan.

Davlat rahbarlari bu yerda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Ezgu niyatlar ifodasi sifatida boqqa daraxtlar ekdi.

Oʻzbek va turkman milliy kuy-qoʻshiqlari ijro etildi. Prezidentlar shu yerda toʻyini nishonlayotgan yosh oilaga baxt-saodat tiladi.

Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Ashxobod jamoatchiligi vakillari, yoshlar qatnashdi.

Maʼlumki, Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Toshkentda “Ashxobod” bogʻi ochilgan edi. Bu ikki bogʻ Oʻzbekiston va Turkmaniston xalqlari oʻrtasidagi uzviy rishtalarning ifodasi boʻldi.

Shu yerda “Xorazm – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasining qurilishiga bagʻishlangan marosim boʻldi.

Chegaraoldi savdo zonasi ikki mamlakatning chegaradosh hududida, “Shovot — Toshovuz” oʻtkazish punkti yonida qurilmoqda. Uning umumiy maydoni 20 gektarni tashkil etadi.

Bugun ushbu maskanni barpo etishni ishlarini davom ettirish va uning faoliyatini tartibga solish boʻyicha bayonnoma ham imzolandi. Hududda savdo rastalari, omborxonalar, konteynerlar uchun maydonchalar va tadbirkorlar uchun ish joylaridan iborat zamonaviy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Ushbu savdo hududi oʻzaro savdoning oshishiga, biznes aloqalarning faollashishiga xizmat qiladi.

Xorazm va Toshovuz viloyati oqsoqollari, mutasaddilar videoaloqa orqali barchani ushbu voqea bilan tabriklab, qurilishni boshlashga ruxsat soʻradi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari bu xayrli ishga oq fotiha berdi.

Ikki xalq doʻstligi va farovonligiga xizmat qiladigan yana koʻplab qoʻshma loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.