Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida sakkiz yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot institutlari tashkil etildi

0
461
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti faollar zalida yangi tashkil qilingan ilmiy-tadqiqot institutlarining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda ilm-fan sohasi rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash jarayonida yosh olimlar faoliyati uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, erishilgan tadqiqot natijalari va innovatsion gʻoyalarni ishlab chiqarishga bevosita tatbiq etilishiga keng imkoniyat berilmoqda. Bu borada yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlari, mashhur “aql markazlari” (“sink-tanklar”), ilmiy assotsiatsiyalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatilib, jahondagi eng ilgʻor tajribalar amaliyotga joriy etilmoqda.

Yaqinda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida yangi uslubdagi qator ilmiy tadqiqot institutlari tashkil etildi. Tabiiyki, bunday oʻzgarishlar yosh olimlarimiz tomonidan bir necha yil olib borilgan xalqaro doiradagi hamkorlik aloqalari, tajriba almashinuvlari, oʻrganishlar, tahlil va xulosalarga asoslangan boʻlib, asosiy maqsad – respublikamizdagi taʼlim tizimi sifatini yanada oshirishga xizmat qilishdan iborat.

Xususan, universitetda chet tillarini oʻqitish metodologiyasi va amaliy tilshunoslik yoʻnalishi boʻyicha xalqaro aloqalar faol rivojlanmoqda. Bu borada, jahondagi 50 dan ziyod mamlakat olimlarini oʻzida birlashtirgan AAAL — Amerika amaliy lingvistika assotsiatsiyasi (American Association for Applied Linguistics) bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Oʻzbek tadqiqotchilarining mazkur nufuzli ilmiy tashkilotga teng huquqli aʼzo boʻlishi barobarida, ular tomonidan universitetda olib borilgan tadqiqotlar natijasida erishilgan innovatsion ishlanmalarining dunyodagi yetakchi tilshunoslar tomonidan eʼtirof etilayotgani quvonarli hol, albatta. Ushbu xalqaro professional assotsiatsiya 1977 yilda tashkil etilgan boʻlib, u tilshunoslik, chet tillarni oʻqitish, tegishli diskurs tahlillari, ritorika va stilistika, ikkinchi xorijiy tillar pedagogikasi kabi muhim yoʻnalishlarda oʻzaro tajriba almashish uchun oʻziga xos platforma hisoblanadi.

Universitet oʻz oldiga qoʻyilgan ustuvor yoʻnalishlarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, ularni sifatli amalga oshirish, ilm-fan va taʼlim sohasini taraqqiy ettirish, mustaqil fikrlaydigan, yuksak maʼnaviyatga ega boʻlgan yuqori salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash uchun jami 8 ta yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etdi. Ular “Nazariy va amaliy lingvistika”, “Adabiyotshunoslik”, “Tarjimashunoslik”,  “Xorijiy tillarni oʻqitish metodikasi”, “Media va kommunikatsiya”, “Ekologiya”, “Validatsiya”, “Ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish” ilmiy-tadqiqot institutlaridir.

Ahamiyatlisi, ushbu ilmiy-tadqiqot institutlari oʻz faoliyat yoʻnalishi boʻyicha nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham analogiga ega emas.

Ushbu ilmiy-tadqiqot institutlari oʻz oldiga qator maqsadlarni qoʻygan boʻlib, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish, mutaxassisliklar boʻyicha magistrlik dissertatsiya mavzulari, annotatsiyalari, rejalarini koʻrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek, tayanch doktorant, doktorant, mustaqil izlanuvchi, stajyor-tadqiqotchi izlanuvchi va oʻqituvchilarning dissertatsiya mavzularini muhokama qilish, dissertatsiyalarni yanada takomillashtirish maqsadida tadqiqotchilarning tayyor boʻlgan boblarini muhokama qilish va tegishli maslahat, tavsiyalar berishga alohida eʼtibor qaratadi.

Universitet qoshida tashkil etilgan yangi ilmiy-tadqiqot institutlari mamlakatimiz taʼlim tizimi sifatini oshirish oʻziga xos ulush qoʻshadi.  Buning uchun olimlarimizning kuch-gʻayrati, bilim va tajribasi yetarli.

 Kamola Yusupova,
Muhammad Amin (surat), OʻzA 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.