O‘zbekiston delegatsiyasi Islom birdamligi o‘yinlariga tantanali kuzatildi

0
278
марта кўрилган.

Kecha erta tongda o‘zbek sportining fidoyilari, ko‘plab mutasaddilar Milliy Olimpiya qo‘mitasi binosida Konya-2021 V Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasini kuzatish uchun jam bo‘lishdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vazirligi va MOQ rahbariyati, hukumatimiz vakillari, ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olgan Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Madaniyat vaziri, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Ozodbek Nazarbekov sportchilarimizga bo‘lajak musobaqada omad va zafarlar tilab qolishdi. Sportchilarimiz nomidan qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati sovrindori Zaynab Dayibekova hamda para stol tennisi bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi Rasul Atamuradov so‘zga chiqib, musobaqada vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishga, xalqimiz va Prezidentimizning ishonchini oqlagan holda yurtimizga oltin medallar bilan qaytib kelishga va’da berishdi.

Tadbir yakunida Abdujabbor Abduvohidov O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ini delegatsiyamiz a’zolariga tantanali ravishda topshirildi. Shundan so‘ng jamoamiz ajratilgan maxsus avtobuslarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qarab yo‘l oldi. Delegatsiyamiz Konya shahriga davlatimiz tomonidan ajratilgan maxsus charter reys orqali jo‘nab ketadi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning tantanali ochilish marosimi 9 avgust kuni bo‘lib o‘tsa, 18 avgustda bahslarga yakun yasaladi. 55 mamlakat ishtirok etayotgan bu galgi Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 265 nafar sportchi bilan yo‘l olmoqda. Bo‘lajak bahslarda muzaffar atletlarimizga yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishlarini tilab qolamiz!

Ёйиш

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.