Oʻzbekiston energetika tizimida “birinchi qaldirgʻoch” – yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi

0
102
marta koʻrilgan.

Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida Navoiy viloyati Karmana tumanida mamlakatimizdagi ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Bugungi kungacha gaz, neft kabi uglevodorodlar energiyasidan foydalanish keng tarqalgan. Lekin ularning zaxiralari cheklangan. Shu bois mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlantirilmoqda.

Maʼlumki, yurtimizda bir yilda oʻrtacha 320 quyoshli kun kuzatiladi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati bor. Bu – mamlakatimizning energiyaga boʻlgan jami ehtiyojidan 8 barobar koʻp energiya ishlab chiqarish mumkin, degani.

Shu bois xorijiy investorlar jalb etilib, koʻplab quyosh elektr stansiyalari qurilmoqda. Karmana tumanidagi stansiya ulardan birinchisidir.

Mazkur majmua qurilishi oʻtgan yili boshlangan edi. 110 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari oʻrnatildi. Uning quvvati 100 megaVatt.

— Ushbu stansiya yangi Oʻzbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam,  taʼbir joiz boʻlsa, “birinchi qaldirgʻoch” boʻlib, soha rivojida mutlaqo yangi davrni  boshlab bermoqda. Bu yerda yiliga 252 million kiloVatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bugʻlanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Nur Navoiy solar» nomli ushbu loyiha Birlashgan Arab Amirligining  «Masdar» kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Prezidentimiz mazur davlat bilan oʻzaro hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Birgina energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollar boʻlgan 1 ming 700 megaVattli 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatining oʻzida 2023 yilda “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda  500 megaVattli shamol stansiyasi  va “Fanes grupp” ishtirokida 200 megaVattli quyosh stansiyasi  barpo etiladi.

Davlatimiz rahbari fotoelektr stansiyasi qurilishida ishtirok etgan xorijiy investorlar, barcha quruvchi va mutaxassislarga minnatdorlik bildirdi.

Bu stansiyaning ahamiyati shundaki, aholi va sanoatning oʻsib borayotgan ehtiyojini barqaror energiya bilan taʼminlaydi. Narxi ham arzon — 1 kiloVatt soat uchun 2,67 AQSH senti.

Yana bir muhim jihati, bunday loyihalar tufayli yurtimizda yangi ishlab chiqarish yoʻnalishlari, zamonaviy texnologiyalar paydo boʻlmoqda.

Xususan, mazkur stansiya qurilishi uchun “Oʻzelektroapparat” korxonasidan elektrotexnika jihozlari, “Oʻzbekkabel”, “Eych-Pi-Si sistems” korxonalaridan kabellar, Bektemir metall konstruksiyalari zavodidan tayanch ustunlar keltirilgan.

Umuman, bunday yirik loyihalar mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yiliga kamida 1 milliard dollarlik yangi bozor, elektrotexnika klasteri tashkil etish uchun puxta zamin yaratadi.

Ushbu klasterda quyosh panellari, kabel mahsulotlari, transformatorlar, akkumulyatorlar, elektr dvigatellar, shamol elektr stansiyasi uchun generator va tayanch uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish mumkin. Bu minglab yangi ish joylari deganidir.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib, uning tarkibida sanoat ulushi ortib bormoqda. Aholi turmush darajasi oʻsib, elektr texnikalaridan foydalanish koʻpaymoqda. Xususan, soʻnggi 5 yilda elektr energiyasi isteʼmolchisi boʻlgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning isteʼmol hajmi esa 30 foizga koʻpaygan.

Prezidentimiz iqtisodiyot, jumladan, energetikani rivojlantirishga qaratilgan rejalarni ham aytib oʻtdi.

— Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotimiz oʻsishini 1,5 barobarga oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 100 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Bu borada oʻrta va yirik shakldagi minglab yangi sanoat korxonalari ishga tushirilib, elektr energiyasiga ehtiyoj 100 milliard kiloVatt soatga yetadi. Bu raqam – hozirgidan 30 milliard kiloVatt soatga koʻp degani.

Shuning uchun, elektr energiyasi sohasida yangi islohot va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha juda katta rejalarni belgilab olganmiz. Jumladan, kelgusi 5 yilda qiymati 6,5 milliard dollar boʻlgan 19 ta loyiha hisobidan qoʻshimcha ravishda 11 ming 500 megaVatt yangi quvvatlar ishga tushiriladi. 2030 yilga borib, elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 30 foizdan ortadi. Elektr energiyasini hududlarga yetkazish uchun 500 va 220 kilovoltli 3 ming kilometr yangi elektr tarmoqlari barpo etiladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Shu bilan birga, bugungi kunda past kuchlanishli tarmoqlarning 66 foizi, podstansiyalarning 74 foizi va transformator punktlarining 50 foizdan koʻprogʻi eskirgan. Shu bois kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator va 100 dan ortiq podstansiyalar yangilanishi qayd etildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yagona energetika zanjirini tashkil etish va bu sohadagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ish olib bormoqda. Shu maqsadda, elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirilishi, mintaqa energiya tizimini oʻzaro bogʻlaydigan qoʻshimcha magistral tarmoqlar qurilishi maʼlum qilindi.

Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy dastakni harakatga keltirib, quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirdi.

Tadbirda ishtirok etgan muhandis va quruvchilar, navoiylik nuroniylar va yoshlar, shuningdek, xorijiy investorlar soʻzga chiqib, yangi stansiyaning ahamiyati haqida gapirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.