Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli ilm-fan sohasi vakillari!
Avvalo, siz, azizlarni – zahmatkash olim va akademiklar, iqtidorli tadqiqotchilar, doktorant hamda aspirantlarni, yurtimizdagi barcha ilmiy xodimlarni bugungi qutlugʻ sana – Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ulugʻ alloma Mahmud Koshgʻariyning “Olimning yostigʻi toshdandir”, degan soʻzlarida ilm ahli izlanib, mashaqqat chekib boʻlsa-da, doimo odamlarga nur ulashib yashaydi, degan hikmat mujassam ekanini sizlar albatta yaxshi tushunasiz.
Biz sizlarning timsolingizda bamisoli igna bilan quduq qazib, yangi tadqiqot va ishlanmalar yaratayotgan, Yangi Oʻzbekistonning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirib kelayotgan ana shunday fidoyi insonlarni koʻramiz.
Ushbu qutlugʻ ayyomda 80 yil mobaynida gʻoyat murakkab va sharafli yoʻlni bosib oʻtgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi yurtimizda yuzlab atoqli olim va akademiklarni tarbiyalab, ilm-fan sohalari boʻyicha nufuzli ilmiy maktablar yaratishga katta hissa qoʻshganini minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.
Mustaqillik davrida, ayniqsa, keyingi yillarda sizlar ana shunday yutuqlarni buyuk ajdodlarimiz asos solgan shonli anʼanalarga uygʻun holda boyitib, mamlakatimizda ilm-fan rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqdasiz.
Akademiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, uning tarkibida yangi ilmiy tashkilotlar ochilib, tizimdagi muassasalar soni qariyb 1,5 barobar koʻpaydi. Ularni toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirish tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Yetakchi olimlar, isteʼdodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda ilm-fan namoyandalarining obroʻ-eʼtibori va nufuzini oshirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Soha vakillarining ish haqi hamda doktorantlarning stipendiyasi 3 barobar, akademiklarning gonorari 2 martadan ziyod oshirilgani, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshiga 60 foizgacha ustama haq toʻlash tizimi joriy etilgani buni tasdiqlaydi.
Fanlar akademiyasi aʼzolarining ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash, sogʻligʻini tiklash boʻyicha ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimda faoliyat koʻrsatayotgan tadqiqotchilar uchun imtiyozli asosda kvartiralar ajratildi, oilali yosh doktorantlar bepul uy-joylar bilan taʼminlandi.
Akademiyaning nufuzli xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlardagi ilmiy markazlar bilan hamkorligi kuchayib, ular bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar koʻlami ikki-uch barobar kengaydi.
Stajyor-tadqiqotchilik instituti qayta tiklanib, isteʼdodli yosh tadqiqotchilarni tayyorlash sifati yaxshilandi. Hozirgi paytda Oʻzbekistonda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan 30 mingdan ortiq tadqiqotchilarning yarmidan ortigʻini aynan yoshlar tashkil etayotgani sohaning kelajagi ishonchli qoʻllarda ekanidan dalolat beradi.
Aziz yurtdoshlar!
Maʼlumki, milliy tariximizda yorqin iz qoldirgan birinchi va ikkinchi Renessanslar zamirida avvalo ilm-fan yutuqlari mujassamdir. Bugun biz barpo etayotgan Uchinchi Renessans poydevori ham, hech shubhasiz, inson kapitali, ilm-fan, innovatsiya va yangi kashfiyotlar asosida bunyod qilinadi.
Shu bois “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalar yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni belgilab oldik. Xususan, ilm-fanga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2025 yilga qadar 6 marta, 2030 yilgacha esa 10 marta oshirishni rejalashtirganmiz.
Bunday strategik vazifalarni amalga oshirishda birinchi navbatda sizlar kabi ilm-fan namoyandalarining ulkan salohiyatiga tayanamiz. Biz yurtimizdagi barcha olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun bundan buyon ham zarur kuch va imkoniyatlarni ishga solamiz.
Muhtaram bayram ishtirokchilari!
Sizlarni, sizlarning timsolingizda mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi quvonchli ayyom bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Gʻoyat sharafli va masʼuliyatli vazifalarni ado etishda sizlarga kuch-gʻayrat, mustahkam salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuq va omadlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti