Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi

0
154
marta koʻrilgan.

Qoraqalpoq tilshunosligining yirik namoyandasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Husniddin Hamidov 84 yoshida vafot etdi. 

H.Hamidov 1935 yil 5 yanvarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanida tugʻildi. 1955 yili ikki yillik oʻqituvchilar institutini tugatib, oʻz faoliyatini oʻrta maktabda oʻqituvchilikdan boshladi. Keyinchalik Qoraqalpoq pedagogika institutida tahsil olib, 1967 yilda nomzodlik, 1991 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 
1994 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-aʼzosi, 2000 yilda haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Isteʼdodli olim oʻzining qariyb 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, boʻlim mudiri, Qoraqalpoq davlat universitetida professor, kafedra mudiri vazifalarida samarali mehnat qildi va qoraqalpoq tilshunosligi sohasidagi dolzarb masalalarni ilmiy tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshdi. 

Til tarixi boʻyicha chuqur izlanishlar olib borgan, qadimiy qoʻlyozmalar ilmiy tavsifini yaratgan olimning «Qoraqalpoq tili tarixi ocherklari», «Eski qoraqalpoq tilining yozma yodgorliklari», «Berdaq qoʻlyozmalari merosi» kabi monografiyalarida qoraqalpoq adabiy tili normalarining shakllanishi muammolari eski oʻzbek adabiy tili bilan uzviylikda ochib berilgan.

H.Hamidov jamoat ishlarida ham faol qatnashib, 1995-2000 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat koʻrsatdi. 

Koʻplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan jonkuyar ustozning bevosita rahbarligida oʻnlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Husniddin Hamidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 

Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov, 
A.Aripov, M.Yerniyazov, B.Yoʻldoshev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.