Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 22 noyabr kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga keldi.
Tashrifning asosiy voqealari 23 noyabr kuni boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dastlab ikki mamlakat iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari ishtirokida oʻtgan Janubiy Koreya – Oʻzbekiston biznes-forumida qatnashdi.
700 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan forum ochilishida Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning qutlovi oʻqib eshitirildi.
Prezidentimiz oʻz nutqida Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, mamlakatimizda biznes yuritish uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi. Oʻzbekiston Koreya Respublikasi biznes vakillari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda Koreya Respublikasi biznes markazi tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Janubiy koreyalik moliya va ishbilarmon doira vakillari Oʻzbekistonda faol biznes yuritish uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini taʼkidladi.
Shu yerda Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi bir yillik faoliyati haqida koreys tilida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. 50 ming nusxada chop etilgan kitob 8 boʻlim, 320 sahifadan iborat.
Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi mustaqilligi yoʻlida jon fido qilgan qariyb 170 ming odam xoki qoʻyilgan Milliy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Vatanparvarlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, yodgorlik poyiga gulchambar qoʻydi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasi Prezidentining “Chong va de” (“Moviy saroy”) qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi boʻldi. Faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul oldidan oʻtdilar.
Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje Inning tor doiradagi muzokarasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning uzoq istiqbolga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya xalqlarini qadimiy doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Ikki xalqning madaniyati, mentaliteti oʻxshash. Taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan koreyslar oʻzbeklar bilan doʻst-birodar boʻlib ketgan, jamiyatimizning faol aʼzolariga aylangan. Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, mahalliy Kengashlarda, boshqaruv organlarida, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yuritayotir.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda koʻp sonli koreys diasporasi muhim rol oʻynaydi. Ushbu millat vakillari MDHda eng yirik diaspora boʻlib (180 mingdan ziyod), nufusi jihatidan dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turadi. Joriy yilda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz Oʻzbekistonda yashayotganining 80 yilligi keng nishonlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi aloqalari 2006 yilda imzolangan Strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya, 2014 yilda qabul qilingan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya va boshqa muhim hujjatlar asosida izchil rivojlanmoqda. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi.
Koreya Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi strategik sheriklardir. Janubiy Koreya yuksak darajada taraqqiy etgan, ulkan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida dunyoda eʼtibor qozongan. Ochiqlik, oʻzaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida qaror topgan hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz, dedi davlatimiz rahbari.
Mun Chje In Shavkat Mirziyoyevni Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan qutlab, oliy darajadagi anʼanaviy muloqotlarni davom ettirish va yanada rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Oʻzbekiston bizning eng yaqin hamkorlarimizdan biri boʻlib, turli sohalardagi aloqalarimiz izchil rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Janubiy Koreya bugungi kunda butun Yevrosiyoda tinchlik va farovonlikni mustahkamlash yoʻlidan bormoqda. Markaziy Osiyoda asosiy oʻringa ega Oʻzbekiston ushbu rejaning markazidadir, dedi Koreya Respublikasi Prezidenti.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan beri 14 marta davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Soʻnggi yillarda ushbu muloqotlar yanada faollashib, ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarida va gumanitar sohada oʻz aksini topmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi siyosiy munosabatlari xalqaro maydonda bir-birini qoʻllab-quvvatlash ruhida davom etmoqda. Tomonlarning global hamda mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar boʻyicha yondashuvlari oʻxshash yoki yaqindir.
Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildilar.
Bugungi kunda hukumatlar, vazirlik, idora, moliya, bank institutlari va biznes tuzilmalari oʻrtasida mustahkam munosabatlar tobora kengayib bormoqda. Parlamentlararo aloqalar rivojlanib, Tashqi ishlar vazirliklari maslahatlashuvlari doimiy ravishda oʻtkazilmoqda.
Koreya Respublikasi Osiyo – Tinch okeani mintaqasida Oʻzbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklaridan biridir. 2016 yil yakunlari boʻyicha oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard AQSH dollaridan oshdi. Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasida Oʻzbekiston ulushi qariyb 50 foizni tashkil qiladi.
Oliy darajadagi uchrashuvda ayni paytdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyat va salohiyat toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi. Yaqin yillarda ushbu koʻrsatkichlarni yanada oshirish boʻyicha yangi qadamlar tashlanishi taʼkidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan izchil islohotlar zamirida xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ezgu gʻoya mujassam ekanini taʼkidlar ekan, Koreya Respublikasida ham davlatning haqiqiy egasi xalqdir, degan gʻoya uygʻunligiga eʼtibor qaratdi.
Koreya Respulikasi Prezidenti ham Oʻzbekistonda xalqchil va oqilona siyosat olib borilayotgani, bu mamlakatning izchil taraqqiyotida muhim omil boʻlishini qayd etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hamkorligi keng koʻlam kasb etgan. Rasmiy Seulning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb etgan investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi. Yurtimizda ushbu mamlakat kapitali ishtirokida 461 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 386 tasi qoʻshma korxona boʻlsa, 75 tasi toʻlaligicha koreys sarmoyasi evaziga tashkil qilingan. Mazkur korxonalar neft-gaz, neft-kimyo va kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika hamda toʻqimachilik sohalarida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport va logistika, turizm yoʻnalishlarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Energetika sohasidagi aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. 2016 yil Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi barpo etildi. Mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorligining yorqin namunasi boʻlgan ushbu yirik loyihaga 4 milliard dollar miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Maʼlumki, Koreya Respublikasi xalqaro miqyosda rivojlangan va jozibador erkin iqtisodiy zonalarga ega mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ushbu mamlakat Oʻzbekistonda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish va ularni rivojlantirishga koʻmaklashayotir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida Janubiy Koreya, Xitoy, Italiya, Singapur, Hindiston, BAA va boshqa mamlakatlar ishtirokida 20 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 2008 yildan beri “Korean Air” kompaniyasi “Navoiy” xalqaro aeroporti orqali yuk tashishlarni amalga oshirmoqda, aeroportda ilgʻor texnologiyalar hamda samarali tizimli nazoratni joriy etib kelmoqda.
Joriy yilning may oyida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “CNP Dream” kompaniyasi bilan hamkorlikda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod qurildi. Ushbu mahsulotlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilinayotir.
Zamonaviy texnologiyalarni keng qoʻllash asosida shaharlarni boshqarish, transport tizimi hamda uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha samarali tizim tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasidan keng foydalanilmoqda.
Joriy yilning 24 oktyabr kuni Janubiy Koreyaning yer resurslari, infratuzilmalar hamda transport vaziri Kim Xyon Mi boshchiligidagi “Korea Eximbank”, “Korea Expressway”, “Hyundai Engineering Co. Ltd”, “POSCO Engineering and Construction”, “HSnK Architects Group” singari yirik kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya “Tashkent City” xalqaro biznes markazi loyihasi bilan tanishish maqsadida mamlakatimizda boʻldi. Zamonaviy texnologiyalar va “aqlli shaharlar” qurilishiga ustuvor ahamiyat berish maqsadida yurtimizda boʻlgan investorlar biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ayniqsa, valyuta siyosati liberallashtirilganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi hamda Koreya eksport-import banki mamlakatimizda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. “Samsung”, “LG” singari yirik korporatsiyalar yurtimizda qoʻshma korxonalar tashkil qilmoqda. Xususan, “Samsung” “Artel” kompaniyasi bilan maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.
Madaniy-gumanitar aloqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Yurtimizda Koreya Respublikasi madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi. Koreys madaniyati va sanʼati uyi qurilmoqda. Ushbu loyiha mamlakatimizdagi koreys diasporasiga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yaqqol ifodasidir.
Taʼlim sohasidagi aloqalar ham tobora rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari Janubiy Koreyaning 30 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Qator taʼlim muassasalarida koreys tili hamda madaniyati markazlari ochilgan. 2014 yil Toshkent shahrida Inha universiteti ochilgani bu boradagi aloqalarni yangi pogʻonaga koʻtardi. Ushbu oliy taʼlim muassasasi xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali IT-mutaxassislar tayyorlashga munosib hissa qoʻshayotgan ilk xorijiy taʼlim dargohidir. Bugungi kunda universitetda mingdan ziyod talaba axborot texnologiyalari, injiniring va logistika yoʻnalishlarida tahsil olmoqda.
Muzokarada tomonlar oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirish, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, gumanitar aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish toʻgʻrisida Qoʻshma bayonotni imzoladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Koreya Respublikasi Inson resurslarini boshqarish vazirligi oʻrtasida Hamkorlik memorandumi, ikki mamlakat Adliya vazirliklari oʻrtasida Hamkorlik memorandumi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirliklari oʻrtasida Oʻzbekistonda Milliy elektron savdo platformasini joriy qilish boʻyicha hamkorlik bitimi, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo memorandum, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2018-2020 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan Koreya Strategiya va moliya vazirligi oʻrtasida Bilimlar almashinuv dasturi boʻyicha Anglashuv memorandumi, 2018-2020 yillarda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi kreditlari boʻyicha hukumatlararo hadli kelishuv hamda Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondi bilan Koreya Respublikasi eksport-import banki oʻrtasida moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv kabi oltmishdan ortiq hujjat imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.