Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Jahon axborot makoni globallashuvining kuchayishi ommaviy axborot vositalari sohasida dunyoda sodir boʻlayotgan voqealarga tez va mos ravishda munosabat bildirish, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik qayta oʻzgarishlar haqida respublika aholisini, dunyo hamjamiyatini oʻz vaqtida va xolisona xabardor qilish tizimini takomillashtirish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda.
Ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, tahririyat-matbaa komplekslarining miqdor va sifat jihatidan oʻsishi, fuqarolik jamiyati institutlari, reklama agentliklari, axborot xizmatlari, media kommunikatsiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda.
Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va taʼsirchan omil hisoblanadi. Bu borada chinakam milliy jurnalistika maktabini shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va Internet tarmogʻidagi tahliliy saytlarni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratish muhim ahamiyatga egadir.
Bugungi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarur. Biroq, mamlakatimizda bunday keng koʻlamli vazifani hal etadigan tayanch oliy taʼlim muassasasi mavjud emas.
Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni koʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini taʼminlash, shuningdek, hozirgi tez oʻzgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning oʻziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bogʻliq masalalarni chuqur oʻrganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy- tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini taʼminlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (keyingi oʻrinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediataʼlim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yoʻnalishlarda ilmiy va oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jurnalistika sohasini, uning oʻziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur oʻzlashtirgan, yuqori malakali jurnalist kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
mamlakatimizning ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika sohasida erishgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar taʼlim muassasalarining tajribasi va hududlarda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli yoʻnalishlar hamda mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, shuningdek, oʻquv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini va masofadan oʻqitish usullarini joriy etish;
jurnalistika sohasi taʼlimini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
istiqbolli yosh bitiruvchilarni xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarining magistratura va doktoranturasida taʼlim olish uchun muntazam yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
respublika ommaviy axborot vositalari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-metodik bazasini shakllantirish va oʻquv-metodik rahbarlikni amalga oshirish.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
2018-2021 yillarda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga, zarur hollarda, Universitet tuzilmasiga oliy taʼlim muassasasi uchun belgilangan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. 2018/2019 oʻquv yilida Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qayd etilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tavsiyasi asosida Universitetning tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha abituriyentlarni oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilish kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasb layoqatini aniqlashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) oʻtkazish orqali amalga oshiriladi;
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti va Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida “Jurnalistika (faoliyat turlari boʻyicha)” taʼlim yoʻnalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, “Oliy jurnalistika kurslari” boʻyicha qabul toʻxtatiladi hamda ushbu taʼlim yoʻnalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar oʻqishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy taʼlim muassasalarida oʻqishini davom ettiradilar;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Universitetga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlarini oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga Universitetning sirtqi taʼlim shakli boʻyicha qabul kvotalarini shakllantirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritsin.
Qayd etilsinki, sirtqi taʼlim shakli boʻyicha qabul kvotalari 2018/2019 oʻquv yilida Universitet bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun belgilangan qabul kvotalarining oʻttiz foizigacha boʻlgan miqdorda belgilanadi.
7. Belgilansinki, Universitet uchun bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativi 1:6,0 nisbatda oʻrnatiladi va Universitet professor-oʻqituvchilarining bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga oʻttiz foiz ustama qoʻshib hisoblanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
bir oy muddatda Universitet ustavining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi choralarini koʻrsin;
2018 yil 15 iyunga qadar Universitetning boʻlimlari, fakultetlari va kafedralarini shakllantirishni, tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq professor-oʻqituvchilar tarkibini yuqori malakali, taʼlim tizimida zamonaviy bilimlarga, shuningdek, amaliy ish tajribasiga ega mutaxassislar bilan toʻldirilishini, professor-oʻqituvchilarning kasbiy mahorati va darajasini uzluksiz oshirish uchun sharoitlar yaratilishini, oʻquv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, professor-oʻqituvchilar va mutaxassislar keng jalb etilishini taʼminlasin;
2018 yil 15 iyulga qadar jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlashga oid ilgʻor xorijiy tajriba asosida oʻquv rejalari va fan dasturlari, oʻquv-metodik materiallar va qoʻllanmalar ishlab chiqilishini va kafedralarga yetkazilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda talabalarning malakaviy amaliyotlarini belgilangan tartibda milliy, shuningdek, ilgʻor xorijiy ommaviy axborot vositalari bazasida tashkil etish choralarini koʻrsin;
Universitetning boshlangʻich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida uning bino va inshootlarini joriy taʼmirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari) uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalansin.
9. Universitet kadrlar buyurtmachilari roʻyxati va ularga biriktiriladigan talabalar soni 4-ilovaga hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirilishi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Quyidagilar Universitetda yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
korxona va tashkilotlar obyektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va “ustoz-shogird” tizimi asosida oʻtalishini taʼminlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi meʼyoriy hujjatlari, zamonaviy axborot dasturiy taʼminot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;
ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qoʻshimcha ish haqlarini tayinlash;
manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni taʼlim jarayonida ishtirokini taʼminlash;
korxona va tashkilotlarda professor-oʻqituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashgʻulotlar oʻtish imkoniyatini yaratish. Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan oʻqishni bitirganidan soʻng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy toʻlov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda toʻlab berishi mumkinligi qayd etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Universitetning professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlariga malakasini oshirish va doktoranturaga yuborish, talabalarning malakaviy amaliyot oʻtashini muntazam tashkil etsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Universitetda jurnalistika sohasi boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash ochish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
13. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnomalar asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
14. Toshkent shahar hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Markaz-5, 88-uyda joylashgan Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Universitetga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejining oʻquvchilari oʻqishni bitirgunlariga qadar Universitet binolarida oʻquv jarayonini davom ettiradilar.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Universitetni onlayn maʼruza hamda masofaviy taʼlim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan taʼminlash, shuningdek, Internet hamda elektron taʼlim milliy tarmogʻiga ulash choralarini koʻrish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash ishlarini 2019 yil va keyingi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilishi boʻyicha asoslangan takliflar ishlab chiqsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Universitetni saqlash xarajatlarini 2018 yilda ijtimoiy soha boʻyicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida ajratishni, 2019 yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin;
Universitetga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Vasiylik kengashining tarkibini tasdiqlasin;
Universitetning moddiy-texnika bazasini yaratish, shu jumladan, talabalar turar joyini qurish va jihozlash, kichik bosmaxona va oʻquv telestudiyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V.Akmalov va Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 24 may
Manba: OʻzA