Oʻzbekiston “Kamaz”lari taqdimoti

0
180
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz”da Oʻzbekistonda yigʻilgan “KAMAZ” yuk avtomobillarining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

“Oʻzavtosanoat” hamda Rossiyaning “KAMAZ” kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi elchixonasi, turli vazirlik va idoralar, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

“Oʻzavtosanoat” boshqaruvi raisi U.Salimov, «KAMAZ» kompaniyasi Bosh direktori S.Kogogin, «UzAutoTrailer» MCHJ Bosh direktori A.Hojiboyev va boshqalar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichda jadal rivojlanayotgani siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar mustahkamlanishida, har ikki davlat manfaatlariga xizmat qiladigan loyihalarning hayotga izchil tatbiq etilishida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chogʻida Oʻzbekistonda «KAMAZ» yuk avtomobillarini yigʻish boʻyicha kelishuvga erishilgani ana shunday istiqbolli loyihalardan biri boʻldi. 

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi «UzAutoTrailer» MCHJning ishlab chiqarish maydonida mazkur avtomobillarni ishlab chiqarish boshlandi. Ayni paytda «UzAutoTrailer» zavodida 10 dan 36 tonnagacha yuk koʻtarish quvvatiga ega 11 turdagi yuk avtomobillari yigʻiladi. Mazkur avtomobillarga oʻrnatilgan dvigatellar 240 dan 401 gacha ot kuchiga ega boʻlib, ular YeVRO 3, YeVRO 4, YeVRO 5 ekologik meʼyorlarga javob beradi. 

Joriy yil birinchi choragida zavodda 100 dona yuk avtomobilining ilk partiyasi chiqarildi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 1500 dona, keyinchalik ushbu koʻrsatkichni 3000 donaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Zavodda ishlab chiqarilgan yuk avtomobillarini nafaqat ichki bozorga chiqarish, balki Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga eksport qilish koʻzda tutilgan. 

– Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati, yaratilayotgan qulay investitsiyaviy muhit, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarga berilayotgan katta imtiyozlar koʻplab xorijiy ishbilarmonlarni, investorlarni qiziqtirayotgani shubhasiz, – deydi S.Kogogin. – Biz hamkorligimiz yanada kengayishiga, birgalikda tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulotlar olib chiqishimizga ishonamiz. 

Taqdimot doirasida Oʻzbekistonda yigʻilgan «KAMAZ» yuk avtomobillarining turli modellari namoyish etildi. Shuningdek, xalqaro «Dakar» ralli-marafonining 15 karra gʻolibi, «KAMAZ-Master» jamoasining afsonaviy sport yuk mashinasi yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Bayram Aytmurodov, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.