Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda koʻpmillatli butun xalqimizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muhim sana – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning hurmat-ehtiromimni bildiraman.
Milliy oʻzligimiz timsoli boʻlgan mahallalarimiz goʻzal va betakror Vatanimizda tinchlik va ahillik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan albatta barchamiz faxrlanamiz.
Oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu ishlar avvalo bandlikni taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga manzilli yordam koʻrsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, kambagʻallikni qisqartirish hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bilan uygʻun holda olib borilayotgani diqqatga sazovordir.
Ayniqsa, barcha soha va yoʻnalishlar boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat taʼsirchan tuzilma faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ijobiy samara bermoqda. Buning tasdigʻini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish oʻrinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida koʻrish mumkin.
Birgina oʻtgan yilning oʻzida mahalla faollari koʻmagida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagani shundan dalolat beradi.
Mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlarimiz mamlakatimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu haqda soʻz yuritganda, 2022 yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda boshqa dasturlar doirasida byudjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 4 mingta mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilgani, yuzlab maktab, bogʻcha, tibbiyot maskanlari barpo etilgani va yangilangani, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik taʼminoti, yoʻl va transport tizimlari faoliyati yaxshilanganini taʼkidlash lozim. 2023 yil – “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da ushbu maqsadlar uchun yana 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Eng muhimi, yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi, oʻz mahallasi, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu borada “Tashabbusli byudjet” dasturi joriy etilgani muhim rol oʻynamoqda. Ushbu dastur doirasida ilgari surilayotgan takliflar asosida aholi hayotiga taalluqli koʻpgina dolzarb masalalar oʻz vaqtida va samarali hal etilmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi. Shu maqsadda mahalla fuqarolar yigʻiniga oʻzi joylashgan hududdagi xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalariga takliflar kiritish, kengash qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish huquqi berilmoqda. Shuningdek, aholi oʻrtasida eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish uchun mahalla raisi tomonidan muhokamalar oʻtkazish, har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, “mahalla nazorati” va “mahalla raisi soʻrovi” institutlari joriy etiladi.
Bu yil tariximizda birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla byudjeti” tizimi oʻrnatilib, mol-mulk va yer soligʻining bir qismini mahallalarning oʻzida qoldirish koʻzda tutilmoqda. Bu esa mahallalarimiz hududidagi mavjud muammolarni bevosita ular tomonidan mustaqil hal etilishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu tajribaning amaliy natijalariga qarab, kelgusida uni butun respublikamizda yoʻlga qoʻyish masalasini koʻrib chiqamiz.
Bir soʻz bilan aytganda, mahallalarni fuqarolik jamiyatining tayanch ustuniga, chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun barcha chora-tadbirlarni koʻramiz.
Muhtaram doʻstlar!
Yurtimizda Navroʻz nafasi kezib yurgan mana shunday shukuhli kunlarda shahar va qishloqlarimiz, ovul va mahallalarimizda umumxalq hasharlari, ulkan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab koʻchatlar ekilmoqda, yangi bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda.
Bugungi tinch, erkin va osuda hayotimizni qadrlash, mahallalarda, butun yurtimizda millatlararo doʻstlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolgʻiz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogiron insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ezgu va savob ishlar kuchaytirilmoqda.
Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga bosh-qosh boʻlib kelayotgan jonkuyar mahalla oqsoqollari va faollariga, oʻzining fidokorona mehnati bilan el-yurtimiz ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshayotgan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Biz mahallalarimizni yanada obod va farovon etishda bundan buyon ham sizlarning kuch-gʻayratingiz, boy bilim va tajribangiz, bunyodkorlik salohiyatingizga tayanamiz. Chunki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor boʻlgan mahalladir.
Siz, azizlarni bugungi bayram bilan, yurtimizda davom etayotgan Navroʻz ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sogʻliq, xonadonlaringizga fayzu baraka, serqirra va masʼuliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti