Qadrli vatandoshlar! Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari!
Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildiraman.
Mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan ushbu bayram yasharish va yangilanish, mehr-oqibat ayyomi – Navroʻz tantanalari davom etayotgan mana shunday shukuhli kunda oʻtkazilayotganida oʻziga xos ramziy maʼno bor.
Mahalla – asrlar osha milliy urf-odat va anʼanalarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qoʻshnichilik va hamjihatlik maskani boʻlib kelmoqda.
Biz mahalla deganda, dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uygʻun boʻlib yashashga oʻrgatib, bagʻrikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat oʻrtasidagi ishonchli koʻprik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmani tushunamiz.
Ayni paytda, yurtimizda yashayotgan har bir inson, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, oʻz hayotini, quvonchu tashvishlarini mahalladan ayri holda tasavvur eta olmaydi.
Shu bois, biz keyingi toʻrt yilda mahalla institutiga milliy davlatchiligimizning asosiy quyi boʻgʻini sifatida qarab, uning jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va rolini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli va puxta oʻylangan islohotlarni amalga oshirayotganimizdan barchangiz yaxshi xabardorsiz.
Bu davrda soha rivojiga doir 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, har bir hududda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilganini alohida qayd etish lozim.
Yurtimizda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, muhtaram nuroniylarimizning ijtimoiy faolligini oshirish, fuqarolar yigʻinlarining jamiyatdagi mavqei va taʼsirini kuchaytirishga koʻmaklashish maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.
Fuqarolar yigʻinlari raislarining huquq-tartibot, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimi joriy qilindi. Soha xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida ularning oylik maoshlari 3 baravarga oshirildi, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish idoralari faollari hamda keng jamoatchilik vakillari uchun “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 1 ming 163 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 3 ming 612 tasi rekonstruksiya qilindi va taʼmirlandi. 110 ta tuman va shaharda “Mahalla markazi” majmualari barpo etildi, 4 ming 319 ta mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.
Soha xodimlarining jamiyatimizda maʼnaviy muhit barqarorligini, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatlarini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Ayniqsa, mahalla faollarining pandemiya davrida koʻrsatgan chinakam jonbozliklari, xususan, sinovli kunlarda odamlar holidan xabar olish, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, muhtojlarga mehr-muruvvat koʻrsatish, aholi bandligini taʼminlash singari gʻoyat muhim va dolzarb masalalarda davlatimizga mustahkam tayanch boʻlib maydonga chiqqanini minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.
Jumladan, bu davrda mahalla faollari tomonidan 700 mingga yaqin fuqaroning bandligini taʼminlash, 60 mingdan ziyod yurtdoshlarimizni tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etish, imkoniyati cheklangan 754 mingdan ziyod oilalarning tomorqalaridan samarali foydalanishga amaliy yordam koʻrsatilganini alohida eʼtirof etish zarur.
Mahallalarda hashar yoʻli bilan 164 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarning xonadonlari taʼmirlanib, 1000 ga yaqin kambagʻal oilalarga uy-joylar qurib berilgani, 10 ming kilometrga yaqin ichki yoʻllar va 644 ta koʻprik taʼmirlangani, 339 ta koʻprik yangidan qurilgani, qariyb 2 ming kilometr uzunlikda ichimlik suvi tortilgani va 1 ming 300 ga yaqin nasoslar oʻrnatilganida sizlarning katta hissangiz bor.
Jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhit asoslarini mustahkamlash maqsadida oʻtgan yili mahalla faollari koʻmagida ajralish yoqasiga kelib qolgan 21 mingga yaqin oila yarashtirilgani, 16 mingdan ziyod oilaning notinchligiga barham berilgani, 5 mingga yaqin mahallada jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagani, namunali mahallalar soni 1 ming 704 taga yetgani albatta tahsinga loyiqdir.
Aziz doʻstlar!
Bugungi keskin va shiddatli globallashuv davrida yurtimizda oʻzaro ahillik va totuvlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik tamoyillarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashda mahallalarning oʻrni va nufuzi tobora ortib bormoqda.
Ayni paytda ushbu tizimning nufuzi va faoliyati samarasini kuchaytirish, uni fuqarolar oʻz fikri va dardini, taklif-tavsiyalarini erkin aytadigan, muammosiga yechim topadigan chinakam xalqchil idoraga aylantirish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqimizda: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan gap bejiz aytilmagan. Farzandlarimizning maʼnaviy barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishi, yosh oilalarning mustahkam oyoqqa turib olishida ushbu tuzilmaning rolini yanada oshirish, “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida boshlangan ezgu ishlarimizni izchil davom ettirish bugungi kun talabidir.
Mahalla raisi faol islohotchi sifatida, avvalo, zamon bilan hamqadam boʻlishi, oʻz bilim va malakasini doimiy oshirib borish haqida oʻylashi, “Obod mahalla”, “Obod koʻcha”, “Obod xonadon” mezonlarini hayotga tatbiq etish, turli ijtimoiy muammolarni hal qilish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, mahallalarni tadbirkorlik markazlariga aylantirish choralarini koʻrishi darkor.
Xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ulugʻvor maqsadga erishish yoʻlida biz islohotlarni “mahallabay” asosda amalga oshirish, barcha qishloq va mahallalarimizni jadal rivojlantirishga birinchi darajali eʼtibor qaratmoqdamiz.
Ayni vaqtda aholining ehtiyojmand qatlami bilan manzilli ish olib borish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimiz muammolarini “xonadonbay” hal etishda, hech shubhasiz, mahalla organlari muhim oʻrin tutadi.
“Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan muhim tamoyilni amalga oshirishda biz avvalo mahalla tizimiga, mahalla faollari va fidoyilarining ulkan salohiyatiga tayanamiz.
Biz mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Shu borada bir fikrni taʼkidlab aytmoqchiman:
Mahalla obod boʻlsa – yurt obod boʻladi. Mahallada oʻzgarish boʻlsa – butun jamiyat oʻzgaradi.
Hurmatli mahalla tizimi xodimlari!
Muhtaram faxriylarimiz!
Xalq ishonchini oqlash, unga munosib boʻlish – dunyodagi eng ulugʻ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf hammangizga nasib etsin!
Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor muborakbod etar ekanman, barchangizga mustahkam sogʻliq, xonadonlaringizga fayzu baraka, masʼuliyatli va serqirra faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti