Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi «OʻZBEK ADABIYOTINING ENG SARA YIGIRMA ASARI» mavzusida badiiy asarlarni oʻzbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilish boʻyicha tanlov – ijtimoiy loyihasini EʼLON QILADI

0
397
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, oʻzbek va dunyo adabiyotining eng sara namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targʻib qilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmon va qarorlari bu boradagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirish va yangi bosqichga koʻtarishda muhim dasturilamal boʻlayotir.
Mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi dunyo tafakkuri, madaniyati, maʼnaviyati va maʼrifatining yuksalishiga katta hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz va zamondosh adiblar asarlarini yanada kengroq targʻib etish, oʻzbek milliy adabiyoti vositasida mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzini yanada yuksaltirish maqsadida «OʻZBEK ADABIYOTINING ENG SARA YIGIRMA ASARI» mavzusida badiiy asarlarni oʻzbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilish boʻyicha tanlov – ijtimoiy loyihasini eʼlon qiladi.

Tanlov shartlari:

— ishtirokchi tarjimonning rezyumesi (toʻliq chop etilgan tarjimalarining roʻyxati, telefon raqami, 4x6 hajmdagi namunali foto surati) topshirilishi;
— muqaddam ingliz tiliga oʻgirilib chop etilgan tarjima asarlarining har biridan 5-10 varaq atrofida nusxa taqdim etilishi;
— agar tarjimonning ingliz tiliga badiiy tarjimasi nashr etilmagan boʻlsa, u holda oʻzbek tilidagi badiiy asardan ixtiyoriy ravishda 5-10 sahifa ingliz tiliga oʻgirib joʻnatishi shart.
Tanlov 2018 yilning mart oyiga qadar davom etadi. Zarur hujjatlar 2018 yilning 25 fevraliga qadar  info@api.uz   elektron manzili orqali qabul qilinadi.
Mazkur tanlovda ishtirokchilarning yoshi chegaralanmagan. Unda professional tarjimonlar bilan birga xorijiy tillar filologiyasi ixtisosligi boʻyicha tahsil olayotgan yosh isteʼdod sohiblari ham ishtirok etishi mumkin.

Tanlovning yakuniy natijasi:

Tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, «Oʻzbek adabiyotining eng sara yigirma asari» tanlovi gʻoliblari bilan Agentlik tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari tomonidan belgilangan tartibda shartnomalar imzolanadi va tarjimonlar tomonidan oʻzbek tilidan ingliz tiliga oʻgirilgan asarlar uchun qalam haqi toʻlanishi kafolatlanadi. Shuningdek, gʻolib tarjimonlar Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi qoshida tashkil etiladigan ««Book sun  xalqaro tarjimonlar noshirlik markazi» aʼzoligiga qabul qilinadi. Gʻoliblar haqidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalari hamda www.api.uz  saytida yoritiladi.

Manbaa: Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi sayti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.