Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston milliy bogʻida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu bogʻni xalqimiz yaxshi biladi. U 1932 yilda hashar yoʻli bilan qurilgan, koʻp yillar aholining eng sevimli maskani boʻlgan. Keyingi vaqtlarda bogʻ hududida qurilishlar boʻldi — Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasi binosi, Toshkent shahar tarixi muzeyi, “Magic sity” koʻngilochar markazi barpo etildi.
Prezidentimiz bu bogʻning tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bu yerda milliy anʼanalarimizga xos muhit yaratish zarurligini taʼkidlagan edi.
Shu asosida 14 gektardan ziyod hududda katta ishlar bajarildi. Maʼmuriy bino, restoranlar qurilib, koʻpriklar va yoʻlaklar yangilandi. Jami maydoni 40 ming kvadrat metr boʻlgan koʻl tiklandi. Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun koʻl tubiga maxsus qoplamalar yotqizildi. Qirgʻoqlar tartibga keltirilib, choʻmilish havzasi tashkil etildi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta koʻchatlari ekildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda nuroniylar, adabiyot va sanʼat namoyandalari bilan ham suhbatlashdi. Ularni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu bogʻning ahamiyati haqida gapirdi.
— Bugun shaharlarimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar yaxshi. Lekin qadriyatlarimizni eʼzozlash, xotira ham kerak. Ilgari bu bogʻ Toshkentning eng mashhur joyi boʻlgan, oʻziga xos ramzlaridan biriga aylangan. Odamlar bu yerga kelib sayr qilgan, ijodkorlar tabiatdan zavq, ilhom olgan. Talabalar, yoshlarning eng zavqli damlari shu yerda oʻtardi. Bu tarixni hozirgi kun bilan hamohang qilishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Milliy bogʻda mazmunli dam olish uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Oila yoki doʻstlar davrasida sayr qilish, ovqatlanish, shaxmat-shashka va tennis oʻynash, velosiped haydash mumkin.
— Hammamiz oʻsha mashhur kinolarimizdagi “Goʻzal Toshkent” kabi kuy-qoʻshiqlarni, hofizlarimiz ijro etgan ashulalarni yaxshi bilamiz, ular qalbimizdan chuqur joy olgan, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Shuning uchun bu bogʻda ana shunday taronalar doimo yangrab turishiga eʼtibor berdik. Oʻylaymanki, bu yerda avvalgidek mushoiralar, konsertlar oʻtkazish, yana kinolar olish maqsadga muvofiq. Bular bogʻimizni yanada fayzli va tarovatli qiladi.
Nuroniylar bogʻ qayta ochilib, soʻlim maskanga aylantirilgani uchun xursandligini bildirdi.
Maydoni 40 ming kvadrat metr boʻlgan koʻlning qayta tiklangani milliy qadriyatlarni ulugʻlash bilan birga. xalqning dilidagi,, orzusidagi ezgu amal boʻldi. Ushbu ishga bosh-qosh boʻlgan kishilarga, uning tashabbuskorlari va bunyodkorlariga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz, deya mamnun boʻlmoqda xalqimiz. «Suv keltirgan elda aziz» degan xalq hikmati bejiz emas..