Oʻzbekiston milliy gerbariysi 

0
1099
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida institutning noyob ilmiy obyekti – “Markaziy gerbariy”ni milliy ahamiyatga ega gerbariy deb tan olish va unga “Oʻzbekiston milliy gerbariysi” nomini berish lozimligi belgilab qoʻyildi. Bu bejiz emas, albatta.

Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti Milliy gerbariy Noyob ilmiy Markazida saqlanayotgan gerbariy namunalari orasida bir asrga tengdosh oʻsimliklar borki, ular tabiatdagi asl holatida yaʼni gulining rangi, uning shakli, barglari, ildizlari oppoq varaqlarga mangu muhrlangan. 

Biologiya fanlari nomzodi Marhamat Matvafayeva bilan boʻlgan suhbatimiz ana  shu nabotat olami moʻjizalari mavzusida kechdi.

– Marhamat opa, avvalo, gerbariy toʻplashning maqsadlari nimalardan iborat?

Gerbariy maxsus usullar bilan yigʻib, quritilgan oʻsimlik kolleksiyasi boʻlib. ulardan keng maʼnoda ilmiy maqsadlarda, hozirgi zamonning eng muhim muammolaridan hisoblangan, ekologiya hamda tabiat muhofazasi bilan bogʻliq masalalarni bartaraf etishda, tabiiy oʻsimlik xomashyolaridan oqilona foydalanish va “Qizil kitob”ga kiritilgan muhofazaga muhtoj oʻsimlik turlarini nazorat qilishda foydalanish mumkin. Oltin varaqlardagi yorliqlarga oʻsimlikning ilmiy va mahalliy nomlari, ekologiyasi oʻsgan joyi, yili, oyi, kuni, gerbariy raqami, kim tomondan yigʻilgan, kim tomondan aniqlangan barchasi aniq yoziladi. Koʻrib turganingizdek, bir asrga tengdosh gerbariy nusxalari asl holatidagidek saqlangan.

Botanika institutiga qarashli ushbu obyektda qancha turdagi gerbariylar saqlanmoqda?

– Darhaqiqat, bu noyob ilmiy obyektda bir yarim millionga yaqin gerbariy namunalari mavjud. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki,  Oʻzbekiston Milliy gerbariysi Xalqaro gerbariylar katalogiga kiritilgan noyob obyekt hisoblanadi. 1993 yil dekabrda Sankt-Peterburgda YUNYeSKO tomonidan tashkil etilgan gerbariylarga bagʻishlangan birinchi xalqaro konferensiyada aynan bizning Milliy gerbariy Jahon ahamiyatiga ega boʻlgan gerbariy, deb eʼlon qilingan. Markaziy Osiyoda birinchi, Osiyoda Xitoy, Yaponiya, Koreyadan keyingi va MDH mamlakatlari orasida esa Sankt-Peterburgdagi gerbariylar toʻplamidan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan mamlakatimizning bebaho boyligi sanaladi. 

– Hali oʻrganilmagan gerbariy namunalari ham bormi?

Albatta! Milliondan ziyodroq gerbariy namunalari noyob ilmiy obyektning maxsus shkaflarida oʻzining ilmiy yechimini kutmoqda. Ushbu gerbariylar taksonlarga ajratilib, turlari aniqlangandan keyin, ehtiyotlab tikilib, yorliqlari (etiketkalari) yozilib tayyorlangach ular oʻzining maxsus raqamlangan shkaflardagi joylariga qoʻyiladi. Noyob obyektdagi gerbariylar soni qatʼiy tartib asosida ortib boraveradi. Yana shunday gerbariylar namunalari bor-ki, bu  turlar tabiatdan butkul yoʻqolib ketgan, faqatgina ularning gerbariy namunasi (nusxasi) saqlanib qolgan. Yoʻqolish arafasida turgan  kamyob oʻsimlik turlari ham bor, ularning aksariyati Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.

Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston, Rossiya, Ukraina mamlakatlaridan, hattoki, Shimoliy Afrika (Sahroi Kabirdan)dan yigʻib keltirilgan gerbariylar mavjud. Bu oʻsimliklar turlari yuksak togʻ choʻqqillari Pomir, Oloy, Tiyan-Shan togʻlari, Ugam-Chotqol togʻlari, Turkiston togʻ tizmalari, Boysun, Shohimardon togʻlaridan tortib, Qizilqumning qoldiq togʻlarigacha Nurota, Pistalitogʻ, Qulkujtogʻ, Bukantogʻ yoki sarhadsiz qumlar Qizilqum, Qoraqum, Muyunqum, Ustyurt (Sam va Matay qumlari) sahrolaridan tortib, Orololdi, Kaspiy oldi choʻllaridan, joʻshqin Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolari vodiylari, kanallar, ariq boʻylaridan yoki adirlardan, inson qadami yetishi qiyin boʻlgan hududlardan XVIII asrning oxiri (1894 – 1896 yillardan) XIX, XX va asrimizning to shu paytgacha yigʻilgan gerbariy namunalari noyob fondda saqlanmoqda. Gerbariylar 4 boʻlimga ajratilgan. 

Birinchi boʻlim. Markaziy Osiyo gerbariysi; asosan, 125 oila 1151 turkumga mansub, 9 mingga yaqin oʻsimlikni oʻz ichiga oladi. Mazkur boʻlimda buyuk botanik olimlarimizning nomlari bilan bogʻliq boʻlgan turlar mavjud. Bular orasida Markaziy Osiyoning turli hududlaridan bir yarim asrdan ortiq davr mobaynida, yaʼni 1840 yildan boshlab koʻplab tadqiqotchilar, jumladan, bir qator chet el olimlari tomonidan yigʻilgan yorliqlari ingliz, nemis, rus, fransuz va lotin tillarida yozilgan oʻsimlik namunalari bor. Botanik olimlarimizning nomlari bilan bogʻliq boʻlgan gerbariylar maxsus shkaflarda saqlanadi. B.Fedchenko tomonidan 1900 yillarda yigʻilgan gerbariylar shular jumlasiga kiradi.

Ikkinchi boʻlim. Umumiy gerbariy- yuz ming nusxadan ziyod boʻlib, asosan chet davlatlardan institut xodimlari yigʻib kelgan va xorijdan (30 davlat) almashib olingan gerbariylar 2293 turkumga mansub oʻn ming turni tashkil etadi.

Uchinchi boʻlim. Tiplar boʻlimi- yangidan kashf etilgan turlarning birinchi nusxasi (Gerbariy tiplari) 2000 nusxa Oʻrta Osiyo va Qozogʻistondan yigʻilgan boʻlib, 320-turkumga mansub boʻlib, 1 ming 500 ga yaqin turni oʻz ichiga oladi. Tiplarning kolleksiyada tutgan oʻrni benihoya katta. Faqat tiplar orqali tizimlashdagi har qanday chalkash, munozarali va botanika nomenklaturasi qoidalariga asoslanuvchi murakkab masalalar hal etiladi. Bunda, eng muhimi, noaniq turni aniqlash uchun tiplarga murojaat qilinadi.

Toʻrtinchi boʻlim. Almashtiriladigan gerbariylar 1 ming 400 turdan iborat boʻlib, bular orasida chop etishga mansub turlar ham mavjud.

Bugungi kunda noyob ilmiy obyektdagi maxsus raqamlangan shkaflarda saqlanayotgan oʻsimlik gerbariylarining barchasi maxsus parametrlar asosida maʼlumotlar elektron bazasiga kiritilgan.

Aytish joizki, Milliy gerbariymizning kelajagi, uni zamon fani, talablari darajasiga keltirish va yanada kengaytirish borasida, institut ilmiy xodimlari tomonidan ulkan, ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Milliy gerbariyda yangi boʻlimlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Oʻzbekiston Milliy gerbariysi mamlakatimiz ilm-fanining noyob oltin xazinasi hisoblanadi. Chunki bu nodir varaqlardagi goʻzallik, ming yillardan soʻzlaguvchi mangulikka daxldor tabiatning bebaho  olamidir.

Suhbatdosh: Ozoda Bekmurodova

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.