Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Anjumanda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari, hamkor vazirlik hamda idoralar vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.
– Bu yilgi konferensiyada 10 ta xorijiy davlatdan 26 nafar ekspert ishtiroki kutilmoqda, – dedi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Mahalliy mutaxassislardan 80 dan ziyod maqola kelib tushdi. Ular konferensiya dasturi va ilmiy toʻplamdan oʻrin oladi. Tadbir doirasida respublikamizda axborot-kutubxona muassasalarining bugungi kundagi holati, sohada mavjud dolzarb muammolar tahlil qilinib, tajribalar tinglanadi, istiqboldagi rejalar belgilab olinadi.
Xalqaro konferensiyada kitob va kitobxonlik, Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi UzNEL dasturining ishlash jarayoni, MDH va xorijiy davlatlar yirik kutubxonalari bilan hamkorlik aloqalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Mazkur konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 muhim tashabbusning toʻrtinchisi – aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish doirasida amalga oshirilmoqda. Anjuman fan, taʼlim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarni rivojlantirish va qoʻllashda axborot-kutubxona muassasalari, oʻquv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kutubxona ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yoʻllarini izlash va hal etishni maqsad qilgan.
Qayd etilishicha, konferensiyaning har yili turli viloyatlarda oʻtkazilishi oʻsha hudud axborot-kutubxona sohasining jonlanishi va yanada rivojlanishiga turtki beradi. Yosh mutaxassislarning anjumanda ishtirok etish maqsadi esa ularni oʻz ustida ishlashga undaydi.
– Bu tadbir maslakdosh doʻstlar uchrashuvi, tajriba almashish, malaka oshirish maydonidir, – deydi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Zuhra Berdiyeva. – Bunda nafaqat mutaxassislar, balki boshqa soha vakillari, ota-onalar uchun ham koʻp foydali maʼlumotlar mavjud. Chunki kitob oʻqish va mutolaa madaniyati uyda, taʼlim muassasalarida shakllantiriladi. Kutubxona esa mutolaa uchun barcha sharoitlarni taqdim etadi.
Eslatib oʻtamiz, “Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasi 24-26 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida oʻtkaziladi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot xizmati