Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston koʻp qirrali hamkorligini kengaytirishga qaratilgan kelishuvlarning salmoqli toʻplami imzolandi va Prezidentlar muzokaralarning amaliy natijalaridan mamnunligini bildirdilar

0
43
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yetakchilar Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotni imzoladilar.

Davlat tashrifi davomida jami 14 ta hujjat imzolandi, jumladan:

– Savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi 2024-2026 yillarga moʻljallangan hukumatlararo dastur;

– Turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Havo aloqasi toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Xalqaro avtomobil aloqasi toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2024-2025 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

– Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Qishloq xoʻjaligi vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Fanlar akademiyalari oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Milliy axborot agentliklari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Savdo-sanoat palatalari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Qoʻshma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisida bayonnoma;

– Toshkent va Ulan-Bator shaharlari maʼmuriyatlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim.

Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston koʻp qirrali hamkorligini kengaytirishga qaratilgan kelishuvlarning salmoqli toʻplami imzolangach, Prezidentlar muzokaralarning amaliy natijalaridan mamnunligini bildirdilar va muzokaralar yakunlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Yetakchilar ochiq va ishchan muhitda boʻlib oʻtgan muloqotning samarali natijalaridan mamnun ekanliklarini, amaliy hamkorlikning barcha asosiy yoʻnalishlari atroflicha koʻrib chiqilganini taʼkidladilar.

Davlatimiz rahbari Moʻgʻuliston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi birinchi tashrifi Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston doʻstligini mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan oʻzaro intilishning tasdigʻi boʻlganini qayd etdi.

– Moʻgʻuliston biz uchun Osiyo mintaqasidagi anʼanaviy va ishonchli hamkordir. Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston munosabatlari doʻstlik, oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan boʻlib, konʼyunkturaga bogʻliq emas, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Davlat rahbarlarining Samarqand va Dubayda boʻlib oʻtgan uchrashuvlaridan soʻng barcha darajalardagi aloqalar faollashdi. Tizimli siyosiy muloqot oʻrnatildi. Bugun Toshkentda Moʻgʻuliston elchixonasi rasman ochiladi.

Bundan tashqari, tovar ayirboshlash hajmi izchil oʻsib bormoqda hamda yetakchi kompaniya va korxonalar oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Bugungi muzokaralar chogʻida ishlar holati atroflicha tahlil qilindi, ustuvor yoʻnalishlar belgilandi va keng koʻlamli hamkorlikning yangi kun tartibi kelishib olindi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasida yaqin muloqotlarni va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yaqin yillarda, birinchi navbatda, talab yuqori boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi. Ikki mamlakat poytaxtlarida savdo uylarini ochish va joriy yilda sanoat koʻrgazmalarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tuzilayotgan ekspertlar guruhi doirasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasi va yetkazib beriladigan tovarlar roʻyxatlari, shuningdek, bozorlarga kirishni soddalashtirish boʻyicha takliflar tayyorlanadi.

Mamlakatlarimiz bir-birini samarali toʻldirishi mumkin boʻlgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yoʻnalishlari ham belgilandi.

Mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, Qoraqalpogʻiston, Namangan viloyati va boshqa hududlarda chorvachilik majmualarini, goʻshtni qayta ishlash klasterini tashkil qilish, yengil sanoatda jun va terini chuqur qayta ishlash, shuningdek, farmatsevtika, sogʻliqni saqlash va boshqa koʻplab sohalardagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

Sanoat kooperatsiyasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻzaro investitsiyalarni himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari boʻyicha asosiy kelishuvlar tayyorlanadi va qabul qilinadi.

Biznesning rejalari va gʻoyalari bugun oʻtkazilishi rejalashtirilgan davlat rahbarlarining ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvida batafsil muhokama qilinadi.

Muzokaralarda samarali transport yoʻlaklarini rivojlantirish va yuk tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

Bunga havo va avtomobil aloqasi boʻyicha imzolangan bitimlar xizmat qiladi. Poytaxtlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi oʻrganiladi.

Barcha iqtisodiy masalalarni samarali hal qilish va loyihalarni tezlashtirish uchun yaqin fursatda Toshkentda Bosh vazirlar oʻrinbosarlari raisligidagi Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va Ishbilarmonlar kengashining taʼsis sessiyasi boʻlib oʻtadi.

Madaniyat, sanʼat, taʼlim, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Bu borada alohida hamkorlik dasturi tayyorlanib, kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda oʻzaro Madaniyat kunlari oʻtkaziladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida moʻgʻulistonlik talabalarni oʻqitishni qayta yoʻlga qoʻyishni taklif qilganini maʼlum qildi.

Shuningdek, mamlakatlar yakkakurash sportining anʼanaviy turlarini ommalashtirish, amaldagi vizasiz tartib sharoitida sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha hamkorlik qiladilar.

Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida ikki davlat hukumatlariga kompleks “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va uning oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish topshirildi.

– Moʻgʻuliston Prezidentining Oʻzbekistonga birinchi davlat tashrifi haqli ravishda tarixiy boʻldi va koʻp qirrali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Birgalikdagi katta ishlarimizning birinchi amaliy natijalarini tez fursatda koʻramiz, deb ishonaman, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining yakunida.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.