Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
94
marta koʻrilgan.

Oʻzbek xalqi ogʻir judolikka uchradi. Mashhur diniy ulamo, atoqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon oʻgʻli Alimov shu yil 15 avgust kuni 71 yoshida  vafot etdi.

U.Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻildi. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil oldi.

U muqaddas dinimiz asoslarini, arab va fors tillarini chuqur egallab, 1980-2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida samarali faoliyat olib bordi. Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy abadiy orom topgan tabarruk ziyoratgohda olib borilgan keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish ishlarida yuksak tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatlarini namoyon etdi.

Usmonxon domla oʻzini “Imom Buxoriyning xodimi” deb hisoblar va bunday sharafli nom bilan doimo faxrlanar edi. U muhaddislar sultoni boʻlmish buyuk bobomizning hayoti va ijodi toʻgʻrisida yurtimizda birinchilardan boʻlib “Imom Buxoriy barakoti” asarini yozgan yetuk ulamo edi.

2000-2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi lavozimida sidqidildan mehnat qilib, katta bilim va hayotiy tajribasini ezgu amallarga safarbar etdi.

U.Alimov 2006 yili Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi. Oʻtgan davr mobaynida u respublikamizda ijtimoiy-maʼnaviy, diniy-maʼrifiy muhit barqarorligini taʼminlash, dinimizning insonparvarlik mohiyatini asrash va keng targʻib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat va bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, sohada malakali mutaxassislar tayyorlash ishiga beqiyos hissa qoʻshdi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan diniy sohadagi islohotlar, xususan, yangi madrasa va masjidlarning ochilishi, Qurʼon oʻqitish kurslarining tashkil qilinishi, Qurʼoni karimning arab va oʻzbek tillarida chop etilishi, idora qoshida axborot markazining tashkil etilishi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining faoliyatini yoʻlga qoʻyish, musulmon mamlakatlari va xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarning mustahkamlanishi kabi xayrli ishlarda muftiy hazratning xizmatlari katta boʻldi.

Usmonxon Alimov yurtimiz musulmonlarining hurmat-ehtiromiga sazovor boʻlish bilan birga, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki musulmon dunyosida yuksak obroʻ-eʼtibor qozongan ulkan ilm va maʼrifat sohibi sifatida eʼtirof etilgan zot edi.

U 2012 yilda Islom olami uyushmasi taʼsis majlisining aʼzosi hamda Butundunyo ulamolar kengashi aʼzosi etib saylandi. Soʻnggi yillarda Iordaniyaning Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan eʼlon qilinadigan “Jahonning eng nufuzli 500 musulmoni” roʻyxatidan munosib oʻrin egalladi.

U.Alimov islomning barcha ilmlari sohasida tan olingan benazir olim edi. Unga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining faxriy doktori unvoni berilgan edi. Muftiy hazratning qalamiga mansub “Tafsiri Irfon” asari Qurʼoni karim maʼnolarini ona tilimizda mahorat bilan aks ettirgan muhtasham kitobdir.

Olimning “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Oilada farzand tarbiyasi” kabi oʻnlab kitoblari, yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalari el-yurtimiz oʻrtasida maʼlum va mashhur boʻldi.

U.Alimov hamisha odamlar bilan birga, xalqning dardu quvonchiga sherik boʻlib yashadi. Aholining maʼrifiy savodxonligini oshirish maqsadida “Soʻragan edingiz” degan maxsus rukn tashkil qilib, jamoatchilikni qiziqtirgan koʻplab bahsli masalalarga yillar davomida javob va yechim topib berdi.

U.Alimov davlatimiz va xalqimiz oldidagi unutilmas xizmatlari, jamiyatimizda bagʻrikenglik va dinlararo totuvlik muhitining mustahkamlanishiga qoʻshgan munosib hissasi uchun “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Xalqimizning ajoyib farzandi, mashhur ulamo, atoqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson Usmonxon Alimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Sh.Minovarov, S.Turdiyev, S.Toshboyev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.