Oʻzbekiston muzeylarida innovatsion texnologiyalarga asoslangan – audiogid

0
387
marta koʻrilgan.

 Qadimiy moddiy qadriyatlarimizni, ajdodlar merosini asrashda, buyuk tariximiz, dunyo ahli tan olgan allomalarimiz bilan yosh avlodni tanishtirib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muzeylarning oʻrni beqiyosdir.

Yurtdoshlarimizni hamda respublikamizga tashrif buyurgan mehmonlarni Vatanimizning ochiq osmon ostidagi goʻzal qadimiy shaharlari, obidalari, muzeyda asranayotgan osori-atiqalar haqida ularga qiziqarli tarzda kerakli maʼlumotlarni yetkazib berishda muzey xodimlarining bilim darajasi alohida ahamiyatga ega.  Bugungi kunda bunday vazifaga chet tillarini mukammal biladigan kishilar, ayniqsa yoshlar jalb etilmoqda. Biroq, ularning tarix fanidan bilimlari yetarli deb boʻlmaydi. Ular maʼlum bir manbadan olingan matnni yodlab olishadi yoki oʻz tasdigʻini topmagan maʼlumotlarni berishadi. Bu esa muzeyga tashrif buyuruvchilarning toʻliq, haqqoniy va mukammal maʼlumotlar olishlariga toʻsiq boʻlmoqda.

Bunday muammoni bartaraf etish maqsadida mamlakatimiz muzeylariga innovatsion texnologiyalarga asoslangan smart texnologiyalar yaʼni audiogid moslamalari oʻrnatilmoqda.

– Yangi texnologiyalar yordamida muzeyga tashrif buyuruvchilar madaniy maskan  va undagi barcha eksponatlar haqida kerakli maʼlumotlarni olishi mumkin. Yangi texnologiyani joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga toʻliq, sifatli, eng muhimi, ilmiy tomondan tasdiqlangan maʼlumotlarni yetkazishdir. Ushbu moslamani qoʻllash, xuddi mobil telefonni ishlatgandek juda oson va qulay. Audiogid muzey mehmonlariga hozircha  oʻzbek, rus, ingliz tillarida xizmat koʻrsatadi. Keyinchalik bu tillar qatoriga yana bir nechta xorijiy tillar qoʻshilishi belgilangan,– deydi Madaniyat vazirligi xodimi Mavluda Asqarxoʻjayeva.

Ayni kunda audiogid Buxoro, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi bir nechta muzeylarda qoʻllanilyapti. Keyinchalik bu moslama respublikamizning barcha muzeylariga oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.

– Buxoro davlat muzey — qoʻriqxonasi tizimidagi “Ark” viloyat oʻlkashunoslik muzeyida  Ark qoʻrgʻoni haqida maʼlumot beruvchi ekskursiya matnlari uch tilda ovozlashtirilgan boʻlib, bu tizim toʻqqiz boʻlimdan iborat.  Ushbu texnologiyaning afzallik jihati uni buyurtma qilgan sayohatchi Ark qalʼasi tarixi haqidagi aniq va asoslangan tarixiy manbaalarga hamda viloyat oʻlkashunoslik muzeyida namoyishga qoʻyilgan noyob, nodir ashyolar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlarga  ega boʻladi,–deya kengroq sharhlaydi M. Asqarxoʻjayeva.

Shuningdek, muzeylarda innovatsion texnologiyalarni joriy etish davom qiladi. Bu yil 30 ta muzeyning “Virtual muzey” bazasini yaratish ishlari yakunlanadi. Respublika teatr muassasalari hamda Oʻzbekiston muzeylari yagona portallari ishga tushirilishi ham rejalashtirilgan.

Ha, ushbu innovatsion texnologiyalar bari barcha muzeylarda hayotga joriy etilsa,  ushbu soha yangi bir bosqichga – dunyoviy talablarga javob bera oladigan darajaga koʻtariladi, deb umid qilamiz.

Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Diyora Ergasheva tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.