Qozogʻistonning Nur-Sulton shahrida boʻlib oʻtgan “Eurasian Book Fair-2019” IV xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan Muxtor Avezovning “Abay” nomli kitobi oliy mukofot – Gran-prini qoʻlga kiritdi.
Agentlik tarkibidagi “Oʻqituvchi” nashriyotida chop etilgan Obiddin Mahmudovning “Farzandnoma” kitobi esa “Fan va innovatsiya” nominatsiyasida I darajali Diplom bilan taqdirlandi. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotlariga ham Xalqaro koʻrgazma tashkilotchilarining maxsus Diplomlari topshirildi.
24-27 aprel kunlari “Korme” koʻrgazmalar markazida oʻtkazilgan Yevroosiyo xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, Polsha, Belgiya, Ozarbayjon, Latviya, Ukraina, Armaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekistondan jami 90 ta tashkilot ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli tadbir kitobxonlikni targʻib etish, nashriyotlar, yozuvchilar, madaniy-marifiy muassasalar, kitob savdosi bilash shugʻullanadigan tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamlash, jahon noshirlik va poligrafiya sanoati tajribasini oʻrganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar toʻplamini oʻquvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Qozogʻiston Respublikasining Milliy akademik kutubxonasiga tashrif buyurib, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan, bir yarim million kitob fondiga ega kutubxona faoliyati bilan tanishdi. Kutubxonaga oʻzbek noshirlari tomonidan chop etilgan Alisher Navoiy, Aleksandr Pushkin, Chingiz Aytmatov va boshqa adiblarning asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Qozogʻistonlik yozuvchi Mergen Toqsanbay, Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Uluqbek Yesdaulet, Qozogʻiston Milliy Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor, Yevroosiyo milliy universiteti rektori Yerlan Siddiqov bilan muloqot davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi ijodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
📎 Eslatib oʻtamiz, 2018 yilda oʻtkazilgan III Yevroosiyo xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida ham “Oʻzbekiston” nashriyoti Nursulton Nazarboyevning “XXI asr arafasida” kitobi uchun Gran-pri mukofotini qoʻlga kiritgan edi.