Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Baxshi” xalqaro sanʼat festivaliga tuhfa sifatida “Oʻzbekiston baxshilari” nomli kitob-albomi nashr etildi.
Yangi majmuada yurtimizda yashab ijod qilgan baxshi-shoir va oqinlarning ijodiga oid maʼlumotlar, ular ijro etgan termalardan namunalar va fotosuratlar jamlangan.
Albomda Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Bola baxshi, Islom shoir Nazar oʻgʻli, Qodir baxshi Rahim oʻgʻli kabi 10ga yaqin ustoz baxshilar, Shoberdi Boltayev, Qahhor Rahimov, Qora baxshi Umirov, Abdunazar Poyonov, Yetmishboy Abdullayev, Gulbahor Aqimbetova kabi 20dan ortiq mustaqillik yillarida “Oʻzbekiston xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan baxshilar haqida maʼlumotlar kiritilgan.
Shuningdek, ustoz baxshilardan doston aytish sirlarini oʻrganib, yosh boʻlsa-da koʻplab yutuqlarga erishayotgan Feruz Normatov, Ilhom Norov, Janibek Piyazov, Lola Mahammaddinova, Salamat Ayapov kabi 5 nafar baxshichilik sanʼatining navnihollari haqida ham qiziqarli materiallar oʻrin olgan.
Kitob-albomning taqdimot marosimi 6 aprel kuni Termiz shahrida “Baxshi” xalqaro festivali doirasida xorijiy va mahalliy olimlar ishtirokida oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanda boʻlib oʻtadi.
Bugun oʻz ishini boshlagan “Baxshi” xalqaro festivali Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bora oʻtkazilmoqda. Festival doirasida koʻrik-tanlov va turli koʻrgazmalar, baxshichilik sanʼatining jahon madaniyatidagi oʻrniga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, badiiy dasturlar tashkil etilmoqda.
“Oʻzbekiston baxshilari” nomli kitob-albom mazkur xalqaro festivalga munosib sovgʻa boʻladi degan umiddamiz.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot xizmati