“Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi”nomli kitob-atlasning taqdimoti

0
248
marta koʻrilgan.

  Toshkent shahridagi “GRAND NUR” mehmonxonasi Konferetsiya zalida  “UMRBOQIY MEROS”  Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi tomonidan tayyorlanib nashr etilgan “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi”nomli kitob-atlasning taqdimotiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad:  yangi chop etilgan   “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi” kitob-atlasi va uning mazmun-mohiyati bilan  ommani  tanishtirish, NMMning Oʻzbekistondagi hozirgi holatini koʻrsatib berish, NMM ning ijrochilik sanʼati, jamiyatning urf-odat, marosim va bayramlari,tabiat va koinot bilan bogʻliq bilim va koʻnikmalar (pazandachilik), hunarmandchilik bilan bogʻliq bilim va koʻnikmalar yoʻnalishlari boʻyicha Respublikasizda faoliyat yuritayotgan saqlovchilar, yetkazuvchilarni yoritish barobarida ularning xalqaro darajada xabardorligini oshirishda xizmat qilishini koʻrsatib berishdan, shu bilan bir qatorda davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro  ijtimoiy sherikchilikni kuchaytirishdan iborat.

 “Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi   “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy meros elementlarini inventarizatsiya qilish, maʼlumotlar bazasini yaratish, hujjatlashtirish hamda milliy va xalqaro darajada xabardorligini oshirish” yoʻnalishi boʻyicha eʼlon qilingan tanlovda gʻolib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyurtmasiga asosan “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy meros elementlarini muhofaza qilish” mavzuidagi davlat ijtimoiy buyurtma loyihasini amalga oshirdi. Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarni qoʻllab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan moliyalashtirildi.

  Nomoddiy madaniy merosning Ijrochilik sanʼati, jamiyatning urf-odat, marosim va bayramlari, tabiat va koinot bilan hamda hunarmandchilik bilan bogʻliq bilim va koʻnikmalar yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston boʻylab nomoddiy madaniy meros elementlarining bugungi holatini oʻrganish,  NMMlar maʼlumotlar bazasini yangilash maqsadida respublikaning 14 ta hududini qamrab olgan uch bosqichli ekspeditsiyalarda shahar va qishloqlarda nomoddiy madaniy merosni saqlovchilar, yetkazuvchilar bilan uchrashib, ular faoliyati yaqindan oʻrganildi hamda foto, audio, video tasmalarga tasvirga olindi. Matnli maʼlumotlar tayyorlandi. Ular asosida  “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi” kitob-atlasi tayyorlanib nashr etildi.

Unda Oʻzbekistonda “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish Konvensiyasi”ning implementatsiyasi, YUNYeSKOning “Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan nomoddiy madaniy meros durdonalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, “Umrboqiy meros” targʻibot markazi tomonidan oʻtkazilgan ekspeditsiya jarayonida oʻrganilgan nomoddiy madaniy meros elementlari, ularni saqlovchilar, yetkazuvchilar toʻgʻrisidagi matnli va foto maʼlumotlar oʻrin olgan. Kitobning yana bir ahamiyatli tomoni shundan iboratki, kitob oxirida qoʻyilgan kuar kod orqali uquvchilar “Umrboqiy meros” targʻibot markazi YouTube kanaliga kirib, ekspeditsiya jarayonida yozib olingan video lavhalarni tomosha qilishlari mumkin. Ushbu kitob-atlas Toshkent shahridagi “ART VERNISSAGE” nashriyotida nashr qilindi.

Ushbu ijtimoiy buyurtma loyihasi natijasida Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosiga tegishli 1000 dan ziyod fotolar, 194 ta videolavhalar, 107 ta audio yozuvlar, 15 ta videoroliklar tayyorlanib Markazning Veb-sahifasida, YouTube va Telegram kanallari, Feysbuk sahifalarida eʼlon qilindi. Turkiya davlatining hamaset.com.tr axborot saytida hamda milliy va xorijiy OAVlarida 20 dan ortiq maqolalar, 10 ga yaqin telekoʻrsatuvlar orqali keng targʻib qilindi.

Lutfiya MIRZAYEVA, “UMRBOQIY MEROS”  Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi rahbari

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.