Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi murabbiylar uchun xalqaro seminar oʻtkazmoqda

0
136
marta koʻrilgan.
Mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi 21-23 dekabr kunlari poytaxtimizdagi “Miran” mehmonxonasining anjumanlar zalida sportning ushbu turi murabbiy va mutaxassislari uchun xalqaro seminar oʻtkazmoqda. Unga xalqaro ekspertlar ham taklif etilgan boʻlib, ular ogʻir atletikaga oid turli mavzularda nazariy mashgʻulotlar oʻtkazishmoqda, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati. 
 
Jumladan, serbiyalik Milan Mixaylovich “Milliy federatsiyalarda sport administratsiyasi” va “Ogʻir atletika boʻyicha texnik qoidalar” mavzularida seminar tinglovchilariga saboq berayotgan boʻlsa, rossiyalik Vladimir Saltikov asosan hakamlar bilan ishlamoqda. Shuningdek, Mintaqaviy antidoping agentligi (MADA) vakili, qozogʻistonlik  Kulman Nisanbayeva ham seminarga taklif etilgan. U bugungi kunning dolzarb masalalaridan boʻlgan “Sportda dopingga qarshi kurash” mavzusida maʼruza qiladi. 
 
Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Iskandar Djurayev ishtirok etdi. Seminar boshlanishidan avval Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrillo Mahmudov 2017 yil yakunlari boʻyicha hisobot berdi. 
 
Tan olish lozim, yakuniga yetib borayotgan yil atletlarimiz uchun anchagina muvaffaqiyatli keldi. Yil davomida sportchilarimiz turli yosh toifalarida 9 ta xalqaro musobaqada ishtirok etib, 161 ta medalga sazovor boʻlishdi. Ularning 54 tasi oltin, 51 tasi kumush, 56 tasi bronza medallaridir. Ayniqsa terma jamoamiz aʼzolari Bokuda boʻlib oʻtgan IV “Islom birdamligi oʻyinlari”, Ashxabod shahri mezbonlik qilgan Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi V Osiyo oʻyinlari hamda yaqindagina AQSHning Anaxaym shahrida yakuniga yetgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. 
 
Eʼtiborlisi, okean ortida boʻlib oʻtgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida terma jamoamiz aʼzolari 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan umujamoa hisobida uchinchi oʻrinni egallashdi. Demak, mamlakatimiz sport tarixida birinchi marta Oʻzbekiston terma jamoasi kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatini kuchli uchlikda yakunladi. 
 
Shuningdek, joriy yilning 3-10 aprel kunlari Bangkok (Tailand) shahrida boʻlib oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida terma jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2018 yil Argentida boʻlib oʻtadigan III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga 3 ta yoʻllanma qoʻlga kiritishdi. Buenos–Ayres mezbonlik qiladigan Olimpiya oʻyinlariga xozirgi kunda 4 nafardan eng kuchli qizlar va oʻsmirlar tayyorgarlik koʻrishmoqda. Ular orasida eng munosiblari oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadi. Shunday ekan shak shubhasiz 2017 yilgi mavsumni Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi uchun omadli keldi deb aytish mumkin. 
 
Seminarning ikkinchi kunida unga taklif etilgan xalqaro ekspertlar murabbiylar uchun nazariy mashgʻulotlar oʻtkazishdi. Ertaga, 23 dekabr kuni endi Milliy olimpiya qoʻmitasining majlislar zalida “Sportda dopingga qarshi kurash” mavzusida seminar boʻlib oʻtadi. Unda nafaqat ogʻir atletika, balki olimpiya oilasiga aʼzo  boshqa sport federatsiya va assotsiatsiyalar bosh kotiblari, terma jamoa bosh murabbiylari va jamoa shifokorlari ishtirok etishadi.
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.