Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Qadrli faxriylar!
Avvalo, siz, azizlarni, taʼlim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga koʻnglimizda, yuragimizda boʻlgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni soʻz bilan toʻliq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yoʻlida chinakam fidoyilik koʻrsatib mehnat qilayotgan ulugʻ insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu oʻlmas meros – yaxshi tarbiyadir.
Shu bois bugun sizlarning shaʼningizga bildirayotgan olijanob istaklarimiz, taʼzim va tashakkurlarimizni butun el-yurtimizning cheksiz hurmat va ehtiromi ramzi sifatida qabul etgaysiz.
Aziz yurtdoshlar!
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tugʻilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.
Biz bu jarayonda inson kapitaliga eʼtiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, besh yil oldin yurtimizda 5 ming 211 ta bogʻcha faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, hozirgi kunda bu raqam 19 ming 316 taga, tizimdagi qamrov 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar oʻrtasida esa 77 foizga yetdi.
Mamlakatimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunga kelib, matematika yoʻnalishida 112 ta, fizika yoʻnalishida 14 ta, kimyo-biologiya boʻyicha 87 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha 99 ta, xorijiy tillar boʻyicha 207 ta ixtisoslashgan maktablar faoliyat olib borayotganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Oliy taʼlim sohasida ham jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi besh yilda chet ellardagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 67 ta yangi universitet va institutlar hamda filiallari barpo etilib, ularning umumiy soni 144 taga yetkazilgani, qamrov darajasi 3 karra ortib, 9 foizdan 28 foizga yetgani ham shundan dalolat beradi.
Joriy oʻquv yilida eng zamonaviy talab va standartlar asosida tashkil etilgan Yangi Oʻzbekiston universiteti dastlabki talabalarni oʻz bagʻriga qabul qildi.
Bunday yangilanish jarayonlarida ustoz-murabbiylarimizning ishga, hayotga munosabati va masʼuliyati tubdan oʻzgarib, ularning doimiy izlanib, yangilikka intilib yashayotgani, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va metodikalarini puxta oʻzlashtirib borayotgani, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtaram vatandoshlar!
Bugungi shiddatli zamon oldimizga qanday murakkab vazifalarni qoʻyayotganini barchamiz koʻrib, bilib turibmiz. Ularni hal etish va ezgu maqsadlarimizga yetish, dunyo miqyosida raqobatbardosh boʻlish uchun xalqimizni, avvalambor, yoshlarimizni ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz kerak.
Ayni shu maqsadda taʼlim mazmunini toʻliq yangilash uchun mamlakatimiz olimlari, tajribali pedagoglar va xorijiy ekspertlarni keng jalb qilgan holda, Milliy oʻquv dasturi yaratilib, bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Zamonaviy darsliklarni yaratish boʻyicha dastlabki natijalarga erishilib, joriy yilda ilk bor bir milliondan ortiq boshlangʻich sinf oʻquvchilarimiz yangi darsliklar boʻyicha taʼlim olmoqda.
Bugungi kunda oliy taʼlim tizimini yangi sifat bosqichiga koʻtarish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, oliygohlarimizni taʼlim va ilm-fanning yirik markazlariga aylantirish boʻyicha boshlagan katta ishlarimizni jadal davom ettirishimiz lozim.
Taʼlim sohasining yana bir muhim vazifasi – faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan, Vatan va xalq manfaatlarini qatʼiy himoya qila oladigan, zamonaviy, keng fikrlaydigan yoshlar avlodini shakllantirishdan iborat. Shu sababli “Uzluksiz taʼlim tizimida ijtimoiy fanlarni oʻqitish tartibi va tamoyillari konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish obyektiv zaruratga aylanmoqda, deb oʻylayman.
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Jamiyatimizda bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-oʻqituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning toʻrt tayanch ustuni deb eʼtirof etmoqdamiz. Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-eʼtiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va gʻururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pogʻonaga koʻtaramiz.
Siz, azizlarni qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Hamisha sogʻ-omon boʻling, muhtaram ustozlar!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti