Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Qadrli doʻstlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda oʻz hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli ishga bagʻishlab kelayotgan barcha Oʻzbekiston pedagoglarini Oʻqituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Biz ustoz zotini azaldan otaday ulugʻ deb biladigan, hamisha boshiga koʻtarib eʼzozlaydigan maʼrifatparvar xalq farzandlarimiz.
Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan boʻlsa, ularda qadrdon oʻqituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi.
Shaxsan men oʻqituvchi deganda – zamon bilan hamqadam boʻlgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va maʼrifat yogʻdusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qoʻyiladigan tabarruk maskanni koʻz oldimga keltiraman.
Biz, ota-onalar oʻzimizning eng katta boyligimizni – aziz farzandlarimiz kelajagini siz, muhtaram ustozlar qoʻliga ishonib topshirganmiz. Shu maʼnoda, buyuk shoirimiz Abdulla Oripovning: “Sizdan boshlanadi asli tafakkur”, degan soʻzlarida teran hayotiy hikmat bor.
Bugungi kunda fidoyi ustoz va murabbiylarning ezgu xizmatlari tufayli yoshlarimiz har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetayotgani, fan va texnika, madaniyat va sanʼat, sport sohalarida qanday katta marralarni qoʻlga kiritayotgani barchamizga cheksiz quvonch baxsh etadi.
Shu borada birgina misol keltirmoqchiman. Oʻtgan oʻquv yilida yoshlarimiz xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 45 ta oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgani taʼlim sohasidagi islohotlarimiz samarasiga yana bir dalildir.
Barchamizga ayonki, muallimning obroʻ-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir. Shu bois, biz keyingi yillarda oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, taʼlim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish boʻyicha ulkan islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
Pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qoʻyilgani, taʼlim muassasalarida qogʻozbozlikka barham berilayotgani bugun oʻz ijobiy natijasini koʻrsatmoqda.
Olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgani bu boradagi yana bir muhim qadam boʻldi.
Mamlakatimizda farzandlarimizni goʻdaklik davridan to kamolot yoshiga qadar har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning hayotda munosib oʻrnini topishiga xizmat qiladigan uzluksiz va samarali tizim yaratilmoqda.
Xususan, keyingi 6 yilda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5,5 barobar koʻpayib, 28 mingdan oshgani va qamrov darajasi 70 foizga yetgani ayniqsa eʼtiborlidir.
Shu oʻrinda, 2022-2026 yillarda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha Milliy dastur qabul qilingani, maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha Milliy kengash va uning hududiy boʻlimlari tashkil etilganini alohida taʼkidlash zarur.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston tarixida birinchi marta boshlangʻich sinflarda fanlarni oʻzlashtirish darajasini aniqlaydigan nufuzli xalqaro baholash dasturlari yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yilda davlat byudjeti hisobidan barcha zamonaviy sharoitlarga ega 51 ta yangi maktab bunyod etildi. Shuningdek, 1660 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, 119 mingdan ortiq oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Shu bilan birga, 465 ta maktab uchun qoʻshimcha oʻquv binolari, 115 ta sport zali va maydonchalari barpo qilinganini qayd etish lozim. Taʼlim maskanlariga 35 mingdan ziyod qoʻshimcha oʻquv jihozlari toʻplami yetkazilib, 1 ming 900 ga yaqin maktabning infratuzilmasi tubdan yangilandi. 2,5 mingdan ziyod sinfxona 31 mingta zamonaviy kompyuterlar bilan taʼminlandi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab respublikamizdagi 137 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilishi natijasida nogironligi boʻlgan yuzlab bolalarning faol bilim olishiga sharoit yaratildi.
Oʻqituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli keyingi bir yilda malaka toifasiga ega muallimlar soni 300 mingdan oshgani taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.
Ayni paytda maktablar uchun zamonaviy oʻquv dasturlari va darsliklar yaratish boʻyicha YUNISEF, YUSAID xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlarning tajribali ekspertlari ishtirokida keng qamrovli izlanishlar davom ettirilmoqda.
Keyingi yillarda yurtimizdagi yangi oliy oʻquv muassasalari soni qariyb 2,5 barobarga koʻpayib, 186 taga yetkazilgani, qabul kvotalari 3,5 barobar ortgani oliy taʼlim tizimini rivojlantirishda gʻoyat muhim rol oʻynamoqda. Bu oʻrinda sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida 42 ta nodavlat oliy oʻquv yurti tashkil etilgani, xorijiy oliygohlar filiallari soni esa 31 taga yetganini alohida qayd etishni istar edim.
Aziz yurtdoshlar!
Barchangiz yaxshi xabardorsiz, biz taʼlim tizimini yanada rivojlantirish masalasini Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiradigan eng asosiy vazifalarimizdan biri sifatida belgilab olganmiz.
Bizning maqsadimiz – Yangi Oʻzbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy koʻnikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs boʻlib shakllanishi zarur.
Bu ezgu maqsadga erishish uchun maktablarning oʻquv dasturlari, oʻqitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha boshlagan ishlarimizni albatta mantiqiy yakuniga yetkazamiz.
Barcha hududlarimiz, ayniqsa, qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Oʻqituvchi va domlalar, tarbiyachi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlari uchun munosib sharoit yaratish, ularning mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish, moddiy taʼminotini yaxshilash borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga koʻtariladi.
Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv taʼlimni har tomonlama rivojlantiramiz.
Hammamiz guvohmiz, bugun taʼlim-tarbiya tizimi butun jamiyatimiz, xalqimizning diqqat-eʼtiborida turibdi. Sohadagi har bir oʻzgarish yurtdoshlarimiz oʻrtasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Biz bundan buyon ham xalqimiz bilan maslahatlashgan holda, jamoatchilik fikrini atroflicha tahlil qilib, erishgan yutuqlarimizni mustahkamlash, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni tuzatish yoʻlidan boramiz.
Hech kimga sir emas, bugun dunyo shafqatsiz raqobat maydoniga aylangan. Barcha sohalarda qanday keskin kurash ketayotganini har birimiz koʻrib turibmiz.
Hozirgi zamonda hamma jabhalarda ilm, bilim va salohiyat suv bilan havoday zarurligi, har qaysi davlat faqatgina shu asosda taraqqiyotga erishishi, sodda qilib aytganda, inson bilak kuchidan koʻra ilm kuchi bilan koʻproq daromad va obroʻ-eʼtibor topishi mumkinligini hammamiz yaxshi anglaymiz.
Biz davrning mana shunday oʻtkir talablaridan kelib chiqqan holda, yurtimizda ixtisoslashtirilgan maktablarning mutlaqo yangicha tarmogʻini tashkil qildik. Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatadigan yuzlab maskanlar, Ay-Ti parklar bunyod etmoqdamiz.
Mana, buyuk alloma bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash boʻyicha qaror qabul qildik. Xorazmda shonli ajdodimiz Muhammad Xorazmiy nomida yangi shaharcha qurishga kirishdik.
Bularning barchasidan koʻzlagan maqsadimiz bitta. U ham boʻlsa, Yangi Oʻzbekistonning yangi beruniylari, yangi xorazmiylari, ibn sinolari va fargʻoniylarini kamolga yetkazish, shu orqali jonajon Vatanimizni dunyo miqyosida rivojlangan, tinch, erkin va farovon mamlakatga aylantirishdan iborat.
Siz, aziz ustoz va murabbiylar bugun mana shunday oʻta masʼuliyatli jabhada tom maʼnoda tarixiy missiyani ado etmoqdasiz. Chunki, Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, oʻzining qatʼiy hayotiy pozitsiyasiga ega, hech kimdan kam boʻlmagan yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham gʻoyat ezgu va ulugʻ vazifadir.
Barchangizga shu sharafli yoʻlda olib borayotgan olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor boʻlsin!
Hamisha sogʻ-omon boʻling, aziz ustoz va murabbiylar!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti