Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga

0
36
marta koʻrilgan.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Avvalo, sizlarni, taʼlim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qatʼi nazar, har bir inson oʻz qobiliyati va isteʼdodini, bilim va tajribasini roʻyobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli taʼlim olib, hayotda munosib oʻrin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz.

Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida taʼlim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uygʻun va hamohang ekani eʼtirof etilgani barchamizni albatta xursand qiladi.

Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor oʻqituvchi maqomi alohida belgilanib, taʼlim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki, jamiyat hayotida oʻqituvchining oʻrni va taʼsiri oshsa – maktabning obroʻyi oshadi, ilm-fan, taʼlim va tarbiya sohasining qadri koʻtariladi. Muallimning obroʻ-eʼtibori esa bu millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir.

Soʻnggi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli mamlakatimizda koʻplab yangi bogʻchalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Taʼlim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va oʻquv qoʻllanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda.

Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va ragʻbatlantirish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Oxirgi yetti yilda maktabgacha taʼlim boʻyicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga yetkazishga erishganimiz, hech shubhasiz, eng muhim yutugʻimizdir.

Taʼlim-tarbiya sohasida qabul qilgan dasturlarimiz asosida keyingi vaqtda 261 ta yangi oʻrta taʼlim muassasasini qurish, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan qoʻshimcha 700 mingta oʻquvchi oʻrni yaratilganini taʼkidlash lozim.

Bu yil xorijdan taklif etilgan 500 nafar chet tili mutaxassisi maktablarimizda ish boshladi. Kelgusi yillarda ularning sonini 3 barobar oshiramiz, 10-11-sinflarda bir qator fanlarni oʻquvchilarning tanlovi asosida chuqurlashtirib oʻqitishni yoʻlga qoʻyamiz.

Taʼlim sohasi xodimlarining oʻrtacha ish haqi 2 barobar koʻpaytiriladi. Ming nafar tarbiyachi va oʻqituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. Oʻqituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtiriladi. Biz farzandlarimizni milliy gʻurur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Qadrli doʻstlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda maktab taʼlimini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Xususan, navoiylik Abdukarim Saksonov, samarqandlik Quyosh Haqberdiyev, Ilhom Rustamov, buxorolik
Oybek Namozov, qashqadaryolik Nurbek Ergashev kabi oʻnlab tadbirkorlarimiz oʻz hududlarida yangi maktablar qurgani, taʼlim dargohlarini kapital rekonstruksiya qilib, zamonaviy asosda jihozlab bergani, ohangaronlik oqsoqol shoirimiz Barot ota Isroilov esa hovlisida kutubxona ochib, uni oʻz hisobidan 10 mingta kitob bilan taʼminlab, bu maʼrifat maskanini qishloq oʻquvchilariga sovgʻa qilgani har qancha tahsinga sazovor.

Saflari tobora koʻpayib borayotgan mana shunday insonlar siymosida biz jadid bobolarimizning munosib davomchilarini, ularning ushalayotgan orzu va intilishlarini, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini koʻramiz.

Imkoniyatdan foydalanib, bunday fidoyi, saxovatli yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Taraqqiyotimiz dasturi boʻlmish “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida sizlar bilan birga taʼlim tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha yangi maqsad va rejalarni belgilab oldik.

Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-gʻayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi.

Mana shunday sharafli vazifani ado etishda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va koʻmak berishga tayyor ekanimni yana bir bor izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Hamisha sogʻ-omon boʻling, muhtaram ustozlar!

 

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.