Oʻzbekiston paxtasi sifati boʻyicha dunyoda «kuchli beshlik»da 

0
225
marta koʻrilgan.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, paxta xom-ashyosini davlat tomonidan buyurtma qilish, tayyorlash, alohida qayta ishlash hamda saqlash boʻyicha talablarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish vazifasi Inspeksiyaga yuklangan. Inspeksiya tomonidan 2019 yil paxta hosilini qabul qilish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish, paxtani qayta ishlash korxonalari hamda paxtani xom ashyosini qabul qilish maskanlarida kapital taʼmirlash ishlarini oʻrganish va amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan monitoring tadbirlari natijasida, 2019 yil paxta hosilini qabul qilish uchun  101 ta paxta tozalash korxonalari va 417 tayyorlov maskanlarining mavsumga tayyorgarligi nazorat qilindi.

Shuningdek, 2019 yil sentyabr — noyabr oylarida Inspeksiya tomonidan respublika fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan paxta  xom-ashyosini xarid qilish yuzasidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bajarilishi nazorat qilinadi.

— 2019 yilda gʻoʻzani navlari boʻyicha joylashtirish va paxta xom ashyosi yetishtirishning prognoz hajmiga muvofiq 134 ta tumanda  paxta xom-ashyosi yetishtirilishi belgilangan boʻlib, shundan “Oʻzpaxtasanoat” AJ, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari hamda “Buxoro Agroklaster” MCHJ tizimidagi paxta tozalash korxonalarida sentyabr-dekabr oylarida qayta ishlanishi rejalashtirilgan, — dedi Inspeksiya Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Shoiragul Mamadaliyeva. — Tegishli hujjatlarga muvofiq, paxta tolasi majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlar turiga kiritilgan. Hududlardagi 13 ta hududiy sinov laboratoriyalari, 101 ta paxta tozalash korxonalari qoshidagi sinov laboratoriyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi, paxta momigʻi va paxta texnik chigitining sifat koʻrsatkichlarini aniqlash, ularga hujjatlar rasmiylashtirish hamda ishlab chiqarilayotgan paxta toylari vaznini oʻlchash ishlari amalga oshirilmoqda. Paxta tozalash korxonaridagi barcha sinov laboratoriyalar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.

Inspeksiya huzuridagi Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi paxta mahsulotlarini sertifikatlash idorasi boʻlim boshligʻi Zoxid Toshmatov “Kun.uz” muxbirining savoliga javob berar ekan, Oʻzbekiston paxta yetishtirish boʻyicha dunyodagi kuchli oʻnlik, paxta tolasining sifati boʻyicha esa kuchli beshlik mamlakatlari qatorida ekanini taʼkidladi.

— Oʻzbekiston paxtasining asosiy xaridorlari — mahalliy ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi, dedi — Toshmatov. — Paxta xomashyosining toʻqson foizini mahalliy korxonalar xarid qiladi. Xorijda esa eng katta xaridorimiz — Xitoy Xalq Respublikasi. Oʻzbek paxtasini xarid qilayotgan mamlakatlar uning sifati uchun qoʻshimcha haq toʻlaydilar.

Mutaxassislar, shuningdek, qoʻlda va mashinada terilgan paxta sifati oʻrtasidagi farq haqidagi jurnalist savoliga ham javob qaytardilar. Taʼkidlanishicha, qoʻlda yoki mashinada terilgan paxta sifatida hech qanday farq yoʻq — hamma gap ularni qayta ishlash va tozalash jarayoniga bogʻliq. Paxtaning qay usulda terib olinishi uning sifatiga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.