Oʻzbekiston-Pokiston hamkorligini keng koʻlamda rivojlantirishga kelishib olindi

0
78
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon 15 iyul kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Koʻksaroy qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tor doirada muzokara oʻtkazdi.

Prezidentimiz oliy martabali mehmonning Oʻzbekistonga ilk tashrifi ikki tomonlama sheriklikning yangi davrini boshlab berganini taʼkidladi.

– Pokiston bizning vaqt sinovidan oʻtgan muhim hamkorimiz. Davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan. Bugun biz ularni strategik hamkorlik darajasiga koʻtaramiz. Hozirgi murakkab vaziyatga qaramasdan, hamkorligimiz jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Barcha sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Pokiston Bosh vaziri Oʻzbekistonda boʻlib turganidan mamnunligini aytib, bu pandemiya boshlanganidan buyon uning ilk xorijiy tashrifi ekanini taʼkidladi.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni, ayniqsa investitsiyalar va yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yoʻnalishida mustahkamlash masalalariga qaratildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama muloqot va aloqalar ancha faollashdi. Shavkat Mirziyoyev bilan Imron Xonning 2019 yilda Pekin va Bishkekda oʻtgan uchrashuvlari, shu yil apreldagi onlayn sammiti ikki mamlakat uchun yangi istiqbollar ochdi. Hukumatlar va hududlar darajasidagi tashriflar natijasida aloqalar amaliy mazmun bilan boyib bormoqda.

Uchrashuvda siyosiy maslahatlashuvlarni, oliy va yuqori darajadagi muloqotni doimiy oʻtkazib borishga kelishib olindi. Aloqalarni keng koʻlamda rivojlantirish uchun Strategik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan fikr almashilar ekan, tomonlarning pozitsiyasi bir xil yoki oʻxshash ekani tasdiqlandi.

Ikki mamlakat xalqaro maydonda bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalar oʻzaro va koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.  

Oʻzbekiston va Pokiston Afgʻonistonning yaqin qoʻshnilari sifatida u yerda barqarorlik oʻrnatilishidan manfaatdor ekani taʼkidlandi. Bu mintaqada transport yoʻlaklarini barpo etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.

Oʻzaro savdo aylanmasini koʻpaytirish, buning uchun kargo-aviaqatnovlarini yoʻlga qoʻyish, ikki tomonlama imtiyoz va preferensiyalar berish masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, harbiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlashga doir masalalar ham koʻrib chiqildi.

Imron Xon samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbarini Pokistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.