Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 17-18 oktyabr kunlari “Bir makon, bir yoʻl” uchinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Pekin shahrida boʻladi.
Yubiley sammitning kun tartibidan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiyaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish dasturlarini ilgari surish va boshqa masalalar oʻrin olgan. Oʻtgan oʻn yillik davrda koʻp tomonlama sheriklikda erishilgan asosiy natijalar sarhisob qilinadi, kelgusi hamkorlikning yangi vazifalari belgilab olinadi.
Davlatimiz rahbari forumning yalpi sessiyasida dasturiy nutq soʻzlashi hamda “Makon va yoʻl” tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan oʻz nuqtai-nazarini bayon qilishi kutilmoqda.
Tashrif dasturida XXR Raisi Si Szinpin va Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi Van Xunin bilan muzokaralar, boshqa ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.