Oʻzbekiston Prezidenti AQSH Davlat kotibi oʻrinbosarini qabul qildi

0
102
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSHning nufuzli delegatsiyasi rahbari, AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Tomas Shennonni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, birgalikdagi saʼy-harakatlar Oʻzbekiston-AQSH munosabatlarini rivojlantirishga yangi surʼat bagʻishlaganini  alohida taʼkidladi. Oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama muloqotlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilib, uni amaliy mazmun bilan boyitmoqda.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan muntazam siyosiy muloqotga yuksak baho berildi. Savdo, investitsiya va yuqori texnologiyalar sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda AQSHning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

 

Uchrashuvda Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekiston va AQSH afgʻon mojarosini tinch siyosiy yoʻl bilan hal etish boʻyicha jarayonni tez fursatda boshlash tarafdori ekanliklari taʼkidlandi.

Afgʻoniston hukumatining mamlakatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik jarayonlariga qoʻshilish boʻyicha saʼy-harakatlarini ikki tomon ham qoʻllab-quvvatlashi qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani va uning ishida AQSHning nufuzli delegatsiyasi ishtiroki uchun AQSH Prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

AQSH Davlat kotibi oʻrinbosari Tomas Shennon ushbu anjumanda ishtirok etish taklifi uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnadorlik izhor qildi. Mazkur muhim xalqaro tadbirning oʻz vaqtida oʻtkazilayotgani va dolzarbligi alohida taʼkidlandi.

AQSHlik diplomat mamlakatimizda davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati va iqtisodiyot sohalarida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

Oʻz mamlakati rahbariyati nomidan AQSH davlatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlashga tayyor ekanini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.