Oʻzbekiston Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

0
60
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat kotibining birinchi oʻrinbosari Uendi Sherman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-AQSH strategik sherikligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Uendi Sherman davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Jozef Bayden, vitse-prezidenti Kamala Xarris va Davlat kotibi Entoni Blinkenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Amerika tomoni mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashi alohida taʼkidlandi.

Tomonlar keyingi yillarda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal surʼatda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi Strategik sheriklik muloqotining joriy yil oxirigacha Vashington shahrida boʻlib oʻtadigan birinchi yigʻilishining kun tartibini puxta tayyorlash muhim ekani taʼkidlandi.

Siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, energetika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Pandemiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan amaldagi global dastur doirasida mamlakatimizga vaksinalar yetkazib berish masalasida koʻrsatilayotgan koʻmak uchun Amerika tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.

Mintaqaviy, shu jumladan “AQSH – Markaziy Osiyo” muloqoti hamda Savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli bitim kengashi doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Afgʻonistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. Oʻzbekistonning afgʻon xalqiga koʻmaklashish hamda qoʻshni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga xizmat qiladigan loyihalarni ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari yuksak baholandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.