Oʻzbekiston Prezidenti AQSH Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosarini qabul qildi

0
183
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 noyabr kuni «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan nufuzli delegatsiyaga boshchilik qilayotgan AQSH Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha katta direktori Liza Kyortisni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, hozirgi vaqtda Oʻzbekiston – Amerika muloqoti amaliy hamkorlik ruhida barqaror rivojlanib borayotganini qayd etdi. Sentyabr oyida Oʻzbekiston delegatsiyasining AQSHga safari hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp va Amerika biznes doiralari vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlar yakunlari tomonlarning oʻzaro hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi aloqalarni amaliy jihatdan kengaytirish va mustahkamlash boʻyicha intilishlari qatʼiy ekanini namoyish qildi. 

Qayd etilganidek, qator muhim xalqaro muammolar yechimi, global xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga yondashuvlarning mos va mushtarak ekani ushbu dolzarb yoʻnalishlardagi oʻzaro hamkorlikni sezilarli ravishda mustahkamlash imkonini bermoqda. 

Uchrashuvda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida Afgʻoniston va butun mintaqadagi vaziyat boʻyicha fikr almashildi. 

Tomonlar Markaziy Osiyo teng huquqli va oʻzaro hamkorlik hududi boʻlib qolishidan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston rahbariyatining yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini kengaytirish va mintaqa mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari va amaliy qadamlari muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. 

Liza Kyortis AQSH rahbariyati Oʻzbekistonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashda tutgan oʻrnini yuksak qadrlashini taʼkidladi. Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston bilan uzoq istiqbolga moʻljallangan munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

 

 

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.