Tashrif dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahridagi «As-Salom» saroy-muzeyiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Saroy 1960-1964 yillarda oʻziga xos arab meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan va 1990 yilgacha Kuvaytga tashrif buyurgan xorijiy rahbarlar uchun rasmiy qarorgoh boʻlib xizmat qilgan.
2019 yilda saroyda muzey ochilgan boʻlib, unda 32 ming kvadrat metr maydonda Kuvaytning koʻp asrlik tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.
Davlatimiz rahbari muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, uning meʼmoriy konsepsiyasi va zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi.
Oʻzbekiston bilan Kuvayt madaniy almashinuvlarini, xususan, muzey ishi va tarixiy merosni asrash sohasidagi aloqalarni kengaytirish, qoʻshma gumanitar dasturlarni amalga oshirish va oʻzaro koʻrgazmalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Yakunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muzeyning Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.