Oʻzbekiston Prezidenti Ashxobod sammitida ishtirok etdi

0
53
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida oʻtgan uch tomonlama sammitda ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Turkmaniston Prezidentiga sammitni tashkil etgani va koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga tadbirni oʻtkazish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

Mintaqa mamlakatlarining mushtarak ochiqlik, birdamlik va hamjihatlik siyosati oʻzining amaliy natijalarini berayotgani qayd etildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika va logistika sohalarida savdo amaliyotlari va kooperatsiya kelishuvlari karrasiga oshdi. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaydi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining samarali faoliyati qayd etildi. Yakdillik tufayli ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan oʻzaro maqbul yechimlar qabul qilinayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti yangi xavf-xatarlarga eʼtibor qaratib, ularga munosib va chuqur oʻylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

Bu mintaqada suv tanqisligi tobora ortib, keyingi yillarda keskin tus olayotgan sharoitda ayniqsa muhimdir.

Suv tejaydigan ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini toʻplash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi.

— Bu masalalarda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining butun salohiyatini hamda Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi sherik tashkilot va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni ishga solish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Soʻng Prezidentimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida energetika sohasida, shu jumladan energiya resurslarini yetkazib berish va ularning tranziti borasida yaqin, samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi.

Mamlakatlarimizning “yashil” iqtisodiyotga oʻtishga intilishi mushtarak ekanini hisobga olib, gidro va issiqlik energetikasida loyihalarni birgalikda amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

Oʻzaro integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mamlakatimiz yetakchisi “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron” yoʻlagining rivojlantirilishi, Transkaspiy yoʻnalishi salohiyatining ishga solinishi Markaziy Osiyoning “Sharq – Gʻarb” va “Shimol – Janub” xalqaro yoʻlaklaridagi tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishiga ishonch bildirdi.

Shu maqsadda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, raqamlashtirishni jadallashtirish va nazorat-oʻtkazish maskanlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yoʻlida birgalikda ishlash taklif qilindi.

Dunyoning bosh maydoni – Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va mintaqa mamlakatlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va ravnaqni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.