Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz ayollariga tabrik yoʻlladi.
– Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk moʻjizasi boʻlgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz shaʼniga eng goʻzal soʻzlarni aytishimiz tabiiydir. Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Haqiqatan ham, barcha sohalarda xotin-qizlarning alohida oʻrni bor. Bugungi kunda ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, taʼlim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda.
Agar 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetgan.
Xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollardan 17 nafari eng oliy mukofot – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Xotin-qizlarimiz orasida 5 nafar akademik, oliy taʼlim muassasalarining oʻzida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek, faxriy unvonlarga sazovor boʻlganlar bor.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda oʻtgan yili 872 mingdan ortiq xotin-qizlarning bandligi taʼminlangani, 250 mingdan ziyodi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka oʻqitilgani qayd etildi.
Oʻtgan yili 14 mingga yaqin ayolning uy-joy sharoiti yaxshilangan. “Ayollar daftari” doirasida salkam 642 ming nafar xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatilgan.
Prezident qizlarning sifatli taʼlim olishiga toʻxtalar ekan, jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir” degan soʻzlarini yodga oldi.
Soʻnggi yillarda bu boradagi sharoitlar izchil kengaytirildi. Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 500 ming nafarni tashkil etmoqda.
Yangi tartibga muvofiq, magistraturada oʻqiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan toʻlab berildi. 65 mingdan koʻproq talaba xotin-qizlarga foizsiz taʼlim krediti ajratildi. Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi boʻyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlar oliygohlarga alohida kvota asosida oʻqishga qabul qilindi.
– Qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening koʻz oʻngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi. Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sogʻ-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men oʻzim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni boʻlgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi boʻlsa, butun xalqimiz hayotdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi boʻladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 6 martdagi farmoniga muvofiq bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan, Prezident qaroriga binoan esa 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar xodimlari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi.
Shodiyonada chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari ularni ham samimiy tabrikladi.
Bayram tantanali konsert dasturi bilan yakunlandi.