Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, mudofaa vaziri, Dubay Amirligi valiahdi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida koʻp qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish, iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni ilgari surish, mudofaa sohasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
BAA delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy, iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marriy, sunʼiy intellekt masalalari va raqamli iqtisodiyot boʻyicha davlat vaziri Umar bin Sulton al-Olama ham qatnashdi.
Suhbat avvalida Shayx Hamdan Ol Maktum davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning samimiy salomini yetkazdi.
Uchrashuvda investitsiyalar, innovatsion rivojlanish, «yashil» energetika, infratuzilma, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, raqamli transformatsiya, turizm va boshqa muhim yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bugun kunning birinchi yarmida oʻtkazilgan oʻzaro manfaatli hamkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha qoʻshma forum hamda ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo muzokaralarning samarali yakunlari yuksak baholandi.
Strategik tarmoqlarda keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.
Taʼkidlash joizki, BAA Oʻzbekistonning Osiyo mintaqasidagi asosiy hamkorlaridan biridir.
Oxirgi oliy darajadagi muloqotlar oʻtgan yil dekabr oyida Dubay shahrida boʻlib oʻtgan Global iqlim sammiti doirasida boʻlib oʻtgan edi.
Tovar ayirboshlash 2023 yilda 21 foizga oʻsib, 626 million dollarni tashkil etdi. Mamlakatimizda Amirliklar kapitali ishtirokida 320 dan ortiq korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Amalga oshirilayotgan va istiqbolli investitsiya loyihalari portfeli qariyb 20 milliard dollarni tashkil etadi.