Oʻzbekiston Prezidenti BAA bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi

0
49
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiya bilan 4 aprel kuni oʻtkazilgan uchrashuvida yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari, hududlarning savdo-investitsiyaviy salohiyatini roʻyobga chiqarish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari ushbu yoʻnalishlar boʻlajak oliy darajadagi ikki tomonlama sammit kun tartibining asosini tashkil etishi lozimligini qayd etdi.

Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, boshqaruvda professional kadrlarni va dasturchilarni tayyorlash, elektron hukumatni joriy qilish yoʻnalishlarida va boshqa sohalarda oʻzaro foydali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Vazir al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon hamda mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan joriy dasturlarni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlashni nazarda tutuvchi “yoʻl xaritasi”ni yangilash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yakunda vazir al-Gargaviyga Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirishga qoʻshgan katta hissasi va Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar dasturini har tomonlama qoʻllab-quvvatlagani uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordeni topshirildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.