Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Vazir Muhammad al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Birlashgan Arab Amirliklari hukumati Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va yangilanishlar dasturini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani, uning samarali roʻyobga chiqarilishida zarur koʻmakni koʻrsatishga tayyorligi taʼkidlandi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston-BAA munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini qayd etish joiz. Tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari va investitsiyalar hajmi oʻsmoqda. Jumladan, joriy yil boshidan oʻzaro savdo ikki barobarga koʻpaydi, mamlakatimizda 45 ta yangi qoʻshma korxona tashkil etildi.
Iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirish va ilgari surish boʻyicha taʼsirchan tizim asosida Amirliklarning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokida investitsiyalar hajmi qariyb 3 milliard dollar boʻlgan 17 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
“Mubadala” kompaniyasi bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi bilan esa yurtimiz hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yetakchi “DP World” kompaniyasi bilan “Navoiy” multimodal xabi va iqtisodiy zonasini rivojlantirish, shuningdek, bojxona maʼmuriyatchiligi tizimini modernizatsiya qilish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, logistika, raqamlashtirish va boshqa yoʻnalishlarda qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar chogʻida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi, “Bir million dasturchi” dasturi va Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori faoliyati doirasidagi hamkorlikning amaliy natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Innovatsiyalar va sunʼiy intellekt sohalarida hamkorlik qilish, muhim tarmoqlarni isloh qilish, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va zamonaviy kadrlarni tayyorlash yuzasidan muloqotni kengaytirish uzoq muddatli sheriklikning yangi yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Qabul qilingan qarorlar va uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni toʻliq amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.