Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Vazir al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum hamda vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston bilan BAA oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalar yuqori surʼatda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxona va loyihalar soni barqaror oshib bormoqda.
Qabul qilingan “yoʻl xaritasi” doirasida, shu jumladan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, boshqaruv kadrlarini tayyorlash va raqamli hukumatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Qariyb mingta seminar, forum va oʻquv kurslari oʻtkazilib, ularda 2 million nafargacha mutaxassisimiz malaka oshirdi.
Uchrashuvda samarali boshqaruv, savdo salohiyatini rivojlantirish, shaharlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yuksak texnologiyalar, sunʼiy intellekt va boshqa yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.