Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqotida keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shayx Mansur Ol Nahayon Oʻzbekiston rahbarini boʻlib oʻtgan saylovdagi ishonchli gʻalabasi bilan dildan qutlab, xalqimizga farovonlik va ravnaq tiladi. BAA Prezidenti shayx Muhammad Ol Nahayonning tabrigi va eng ezgu tilaklarini ham yetkazdi.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Tovar ayirboshlashning oʻsish surʼati, qoʻshma korxonalar hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni ortayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bugungi kunda investitsiya loyihalari portfeli 4 milliard dollardan oshib, «yashil» energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, turizm infratuzilmasi va boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan.
BAA tomoni Oʻzbekiston Respublikasi hududida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirishda ham texnik koʻmak koʻrsatib kelmoqda.
Suhbat davomida oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning yirik loyihalarini ilgari surish muhim ekani alohida taʼkidlandi.