Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni “BRIKS plyus” sammitining yalpi majlisida nutq soʻzladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida oʻtkazilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinipin, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, boshqa bir qator davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalarning rahbarlari hamda yuqori darajali vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, inklyuziv va barqaror rivojlanishni taʼminlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, global va mintaqaviy siyosatning dolzarb muammolari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “BRIKS plyus” formatidagi uchrashuvlar global rivojlanishning dolzarb masalalarida keng muloqot va ochiq muhokamalar uchun muhim ekanini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda dunyo jadal boʻlinib borayotganini, insonlarga ulkan azob-uqubatlar, ogʻir iztirob va oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortayotganini afsus bilan qayd etdi.
– Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar oʻrtasida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga va oʻzining mustaqil taraqqiyot yoʻliga ega boʻlish huquqiga hurmat kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS oʻzini koʻp tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.
Oʻzbekiston yetakchisi oʻzaro aloqalarning bunday modeli BMTning markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan koʻra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos boʻlishi mumkinligiga ishonch bildirdi.
Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli boʻlgan, konstruktiv muloqot yoʻli bilan global murosaga erishish boʻyicha yangragan daʼvatlar qoʻllab-quvvatlandi.
– Jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub – Janub” va “Shimol – Janub” formatlaridagi masʼuliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti keldi, deb hisoblaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini bundan buyon ham faol chuqurlashtirish, ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish niyatida ekani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari BRIKS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yoʻl bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligini qoʻllab-quvvatladi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik oʻrnatishni rejalashtirgan hamja innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, toʻsiqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Shuningdek, Oʻzbekiston BRIKS sunʼiy intellekt boʻyicha Tadqiqot guruhining qoʻshma loyihalarida ishtirok etish, YUNIDO huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qoʻshilish niyatida.
Prezidentimiz Oʻzbekiston BRIKSdagi sheriklari bilan birgalikda transport sohasidagi bogʻliqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yoʻlaklarni yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borishga tayyorligini bildirdi.
Oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, sogʻliqni saqlash masalalarida ham hamkorlik qilish muhim ekani qayd etildi.
Tashkilot doirasida ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlab, davlatimiz rahbari barcha manfaatdor mamlakatlarga BRIKSning Ishbilarmonlar kengashiga qoʻshilish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etdi.
Xalqaro terrorizm bilan bogʻliq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish haqida soʻz yuritar ekan, Oʻzbekiston rahbari radikallashuv va ekstremistik gʻoyalarning, avvalo, yoshlar oʻrtasida tarqalishining oldini olishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.
Yaqin Sharqdagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu mintaqa qoʻshni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik oʻchogʻiga aylanib borayotgani alohida tashvish bilan qayd etildi.
– Biz Gʻazo va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi ogʻriq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam koʻrsatish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar ekani taʼkidlandi.
– Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻlib qolmoqda, – dedi Prezident.
Afgʻoniston muammosiga toʻxtalib, davlatimiz rahbari ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afgʻoniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam koʻrsatish umumiy vazifa ekanini qayd etdi.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston yetakchisi barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishish uchun BRIKS mamlakatlari bilan yaqin va oʻzaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini taʼkidladi.