Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqotida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qoʻshma kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va faol gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari koʻrib chiqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Belarus Prezidenti davlatimiz rahbarini Prezident saylovida qozongan ishonchli gʻalabasi bilan samimiy qutlab, Oʻzbekistonga katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.
Oʻzaro savdo hajmi oshib, tibbiyot, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilayotgan loyihalar soni koʻpayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yilning aprel oyida Belarusda Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi, may oyida Toshkent shahrida birgalikda suratga olingan kinofilm premyerasi boʻlib oʻtdi.
Ikki mamlakat yetakchilari tomonidan Oʻzbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasi ishini faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikka oid masalalar ham koʻrib chiqildi.