Oʻzbekiston Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosarini qabul qildi

0
153
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 sentyabr kuni ShHTning Samarqand sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish boʻyicha oʻrinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi.

Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari, dolzarb xalqaro masalalar, mamlakatimizda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi ishlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Rozmari DiKarlo Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomini yetkazib, u 2022-2026 yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonning BMT tuzilmalaridagi ishtiroki faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining mintaqaviy hamkorlik va oʻzaro bogʻliqlikni ilgari surishga qaratilgan beshta rezolyusiyasi qabul qilindi.

Oʻzbekiston 2020-2021 yillarda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha 32-mintaqaviy konferensiyasida raislik qilgani, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlib kirgani, YUNYeSKOning kichik yoshli bolalar tarbiyasi va taʼlimi boʻyicha jahon konferensiyasi va Jahon sayyohlik tashkilotining (YUNVTO) Bosh assambleyasini oʻtkazishni rejalashtirayotgani alohida taʼkidlandi.

Tomonlar Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va afgʻon xalqiga koʻmaklashish loyihalarini amalga oshirish, Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni ilgari surish va oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.