Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qirgʻizistonga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
«Manas» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif doirasida ertaga davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Bu galgi sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari oʻrin olgan. Har doimgidek, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini ragʻbatlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish vazifalari eʼtibor markazida boʻladi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Yigʻilish yakunida qator qoʻshma qaror va hujjatlar, jumladan, mamlakatimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo Xartiyasi qabul qilinishi koʻzda tutilgan.