Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi Raisi bilan uchrashuv oʻtkazdi

0
88
marta koʻrilgan.

6 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi Raisi Volkan Bozkirni qabul qildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan koʻp qirrali hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, bugungi kunning yangi tahdid va xatarlariga qarshi kurashish, shu jumladan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yengib oʻtish kabi ustuvor yoʻnalishlarda mamlakatimiz hamda tashkilot institut va tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi.

BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatida Oʻzbekiston bu borada muhim tashabbuslarni faol ilgari surmoqda va global kun tartibini roʻyobga chiqarishda ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, mintaqada turizmni barqaror rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, maʼrifat va diniy bagʻrikenglik, Orolboʻyida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish kabi muhim masalalar boʻyicha Bosh Assambleyaning qator maxsus rezolyusiyalari ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Bosh Assambleyaning joriy sessiyasi raisi Volkan Bozkir xalqaro maydonda, eng avvalo, BMTda Oʻzbekistonning nufuzi ortib borayotgani, davlatimiz rahbarining global va mintaqaviy tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganini alohida taʼkidladi.

Uchrashuvda mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, gender tenglik va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning dolzarb jihatlari boʻyicha sheriklik munosabatlarini, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik doirasida ilgari surish, atrof-muhitni muhofaza qilish, vaksinalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan tartibga solish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va BMT institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin va samarali muloqotni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.