Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi

0
88
marta koʻrilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 21 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralar boshlandi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat bilan soʻzga chiqdi.

76-sessiyaning raisi Abdulla Shahid raisi boshchiligida oʻtkazilayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, aʼzo davlatlar yetakchilari — Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Jair Bolsonaru, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Polsha Respublikasi Prezidenti Andjey Duda, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning boshqa davlatlari rahbari ishtirok etmoqda.

BMTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari global va mintaqaviy xavfsizlik, COVID-19 pandemiyasi sharoitida barqaror taraqqiyot va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yengib oʻtish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ragʻbatlantirishning muhim masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida yangi sharoitlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va oʻrni tobora ortib borayotganini qayd etdi.

— Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal oʻzgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari koʻpaymoqda, anʼanaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

Jahon taqdiri bilan bogʻliq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻzining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur. Biz Bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan  harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz BMTning “hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaslik”, degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

— Biz pandemiyalarga qarshi samarali kurashda vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini  yanada kuchaytirish tarafdorimiz. Oʻzbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi Kodeks bizning bu boradagi amaliy hissamizdir, — deya davom ettirdi Prezident.

Davlatimiz rahbari soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini taʼkidladi.

— Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. Soʻz va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida qatʼiy qadamlar tashlanmoqda, — dedi Prezident. 

Ishtirokchilarning eʼtibori bosh gʻoyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambagʻallikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan taʼminlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iborat Yangi Oʻzbekiston strategiyasi ishlab chiqilganiga qaratildi. 

— Asosiy maqsadimiz – 2030 yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadlar miqdori boʻyicha “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirishdir. Bu rejamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uygʻun ekanini taʼkidlash lozim, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Shu maʼnoda pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini oʻrganish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni hayotga tatbiq etishga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani Toshkentda oʻtkazish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari global harakatlarga yoshlarni jalb etish boʻyicha Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli oʻtkazilganini taʼkidladi hamda ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarning davomi sifatida Samarqand shahrida muntazam oʻtkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global taʼlim forumini tashkil etish rejalashtirilganini maʼlum qildi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlar qatʼiy davom ettirilishini taʼkidladi.

— Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va doʻstlik makoniga aylantirishdir. Buning uchun biz qoʻshni va yondosh mintaqalar bilan oʻzaro aloqalarni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan haqida maʼlum qilindi. Shu munosabat bilan Afgʻoniston Markaziy Osiyoning uzviy qismi ekani  yana bir bor taʼkidlandi.

— Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishidan  nafaqat biz, qoʻshni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. Hozirgi qiyin davrda Afgʻonistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qoʻyish mumkin emas. Afgʻon masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʼsiri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim, — deb taʼkidladi Prezident.

Oʻzbekiston yetakchisi dunyoda xavf-xatar va ziddiyatlar, transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotganiga eʼtibor qaratdi. Shu yil noyabr oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining oʻn yillik natijalari va istiqbollariga bagʻishlangan  Xalqaro konferensiya oʻtkazilishi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston tomonidan iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish, tiklanadigan energiya manbalariga oʻtish masalalarida koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida toʻxtaldi.

— Bu nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar oldidagi ezgu insoniy burchimizdir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yil may oyida BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi  maxsus rezolyusiyasi qabul qilingani Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlari samara berayotganini tasdiqlaydi.

Ekologiya borasidagi choralarning mantiqiy davomi sifatida 2022 yili Orolboʻyi hududida, Nukus shahrida  «yashil» energetika boʻyicha BMT bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro forum oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan bir qatorda BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yilda Oʻzbekistonda Atrof-muhit boʻyicha BMTning yuqori darajadagi  Oltinchi Assambleyasini oʻtkazish taklif etildi.

— Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan, ekologik ofat markazi boʻlgan, Orolboʻyi mintaqasidagi ogʻir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, atrof-muhit boʻyicha Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida Oʻzbekiston dunyoning barcha davlatlari va global tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli, uzoq muddatli va koʻpqirrali sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanini taʼkidladi. Mamlakatimiz xavfsiz hamda barqaror oʻsish, farovon kelajakni barpo etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni bundan keyin ham kuchaytirib boraverishi qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.