19 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari boshlandi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Sessiya raisi Dennis Frensis boshchiligida oʻtayotgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, aʼzo mamlakatlar yetakchilari – Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va boshqa davlatlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qoʻygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini qayd etdi.
– Biz oʻtgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun masʼuliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yilda Kelajak sammiti oʻtkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning taʼsiri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan keng koʻlamli islohotlarga alohida toʻxtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
– Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat boʻlmish Yangi Oʻzbekistonni barpo etish siyosatini qatʼiy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu gʻoya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yoʻlidan dadil ilgari bormoqda, – dedi Prezidentimiz.
Oʻzbekistonda yangilangan Konstitutsiya boʻyicha oʻtkazilgan umumxalq referendumi milliy taraqqiyotimizning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab bergani qayd etildi. Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, soʻz va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻundir.
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimiz global tahdidlarga qaramasdan, barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etayotganini taʼkidladi. Soʻnggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq koʻpaydi. Bosh maqsadi – 2030 yilga qadar bu koʻrsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir.
Iqtisodiyotimizni liberallashtirish yoʻlidagi yana bir ustuvor vazifa – yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish.
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambagʻallik ikki barobarga kamaydi. 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan.
– Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yoʻl” butunjahon konferensiyasini yurtimizda oʻtkazishni taklif etaman, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Yigʻilish ishtirokchilarining eʼtibori mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga toʻliq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratildi.
– Bir asr mobaynida Oʻzbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – oʻqituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab oʻquvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida oʻzbek paxtasiga boykotlar eʼlon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora roʻyxat”larga kiritilgan edi. Qatʼiy irodamiz tufayli endi bularning barchasi oʻtmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod boʻldi, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan strategik vazifalardan biridir.
Keyingi yillarda bu borada katta tajriba toʻplandi – taʼlim tizimi tubdan oʻzgarmoqda. Oʻtgan olti yilda maktabgacha taʼlimdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bogʻchaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki oʻquvchining biri esa oliygohda oʻqishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik, barqarorlik, oʻzaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yoʻlidan qatʼiy borishini qayd etdi.
Yurtimiz va barcha qoʻshnilarimiz birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish boʻyicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq boʻldi.
Mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qoʻshma korxonalar soni esa besh marta oʻsdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bogʻlaydigan transport-kommunikatsiya koʻprigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda.
– Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy oʻziga xoslikni anglash tuygʻusi birlashtirmoqda va bu tuygʻu tobora kuchayib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yoʻlimiz yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas!
Xalqaro hamjamiyatning qoʻllovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yoʻlidan borishda davom etishiga ishonch bildirildi. Uni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad boʻlib qoladi.
Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari boʻlgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yoʻnalishlari haqidagi bitim imzolandi.
Bu sohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik oʻrnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida qayd etildi.
– Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini taʼminlashdan iborat, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Mamlakatimiz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi taʼkidlanib, birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili Oʻzbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini oʻtkazish taklif qilindi.
Hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilib, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotganini qayd etib, Prezidentimiz Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini koʻrsatib oʻtdi.
Oʻzbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida koʻrilayotgan choralar, mintaqamizdagi iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiri va suv bilan taʼminlanganlik darajasining kamayish tendensiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltirildi.
Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari boʻyicha maxsus vakili lavozimi taʼsis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi qoʻllab-quvvatlandi.
– Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.
Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda boʻlib oʻtadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish strategik vazifa boʻlib qolishi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirishga toʻxtalib oʻtdi.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha Milliy strategiyamiz doirasida ilgari ekstremizm gʻoyalari taʼsirida boʻlgan shaxslarni sogʻlom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi. Besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini oʻtkazildi, uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalar qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarildi.
– Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu yerda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning oʻzlaridan eshitdi.
Biz bu yoʻnalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash boʻyicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladik, – dedi Prezident.
Bundan tashqari, soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.
Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda YUNYeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi.
– Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.
Xalqaro xavfsizlik Afgʻonistondagi jarayonlar bilan bevosita bogʻliqligi qayd etildi. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan boʻlib, u afgʻon masalasini hal etishda oʻziga xos yondashuvlarni talab etmoqda. Inkor qilish, yakkalab qoʻyish va sanksiyalar qoʻllash oddiy afgʻon xalqining ahvolini yanada ogʻirlashtirmoqda.
Afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni susaytirmaslik lozim, degan fikrni bildirib, Prezidentimiz Afgʻonistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi oʻtkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yoʻnaltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.
– Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qoʻshnilari va boshqa mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afgʻoniston kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston Prezidenti BMTning yuksak minbaridan turib dunyo hamjamiyatini Afgʻoniston muammosini hal etish yoʻlida birlashishga va bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afgʻoniston boʻyicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilashga chaqirdi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari barchamiz hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida oʻylashimiz lozimligini qayd etdi: «Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkin. Bizga oʻzaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham koʻproq zarur».
Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng koʻlamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekani yana bir bor taʼkidlandi.