Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh kotibi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildi

0
34
marta koʻrilgan.

19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida oʻtayotgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumiy munozaralari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni roʻyobga chiqarish masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlik misli koʻrilmagan yuksak darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyusiyasi qabul qilindi, Orolboʻyi mintaqasi ahosilini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylandi va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, turizmni rivojlantirish, kambagʻallikka va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Antoniu Guterrish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Bosh Assambleya 78-sessiyasidagi nutqini yuksak baholab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlashini, davlatimiz rahbari dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Bosh kotib yangi «Oʻzbekiston – 2030» islohotlar strategiyasiga kiritilgan maqsad va vaziflarning koʻlamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan toʻliq hamohangligini alohida qayd etdi. BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.