Bugun, 25 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekistonning BMT va uning tuzilmalari bilan konstruktiv munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik ushbu sheriklikning eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad Al Husayn va BMTning Din yoki eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahidning mamlakatimizga tashriflari natijasida inson huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, bu boradagi xalqaro muloqotni yanada rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari” amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha 70 dan ziyod xalqaro hujjat, jumladan, BMTning oʻnta asosiy shartnomalariga qoʻshilgan. 2018 yil noyabr oyida Samarqandda ilk bor Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi oʻtkazildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston parlamenti tomonidan BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va malaka toʻgʻrisidagi deklaratsiyasini amalga oshirish boʻyicha milliy dastur qabul qilingan. Ushbu hujjat sud-huquq sohasi xodimlarining inson huquqlari toʻgʻrisidagi bilimlarini oshirishni nazarda tutadi.
Yurtimiz sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sudya va advokatlarning mustaqilligini taʼminlash 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biridir.
Xususan, yangi organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalarni uzoq muddatga tayinlash va sud qarorlarini jamoatchilikka eʼlon qilish amaliyoti joriy etildi. «Xabeas korpus» va «elektron odil sudlov» mexanizmlarini qoʻllashni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimizda advokatlarning mustaqilligini taʼminlash va oʻrnini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, Advokatlar palatasining roli ortib bormoqda.
Uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan batafsil fikr almashildi, Oʻzbekistonning sud-huquq sohasidagi qonunchiligini yanada takomillashtirish jihatlari va qoʻshma tadbirlar oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
BMT Inson huquqlari kengashining maxsus maʼruzachisi samimiy qabul hamda tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
Diyego Garsiya-Sayan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat va xalq oʻrtasida bevosita muloqot orqali fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, qonuniylik va huquq ustuvorligini mustahkamlash, odil sudlovni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.
BMTning yuqori martabali vakili Oʻzbekiston bilan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga va demokratik yangilanishlarni amalga oshirishda amaliy koʻmaklashishga tayyor ekanini taʼkidladi.