Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahidni qabul qildi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasining BMT, uning tuzilma va institutlari bilan amaliy va oʻzaro manfaatli hamkorligi mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Joriy yil may va iyun oylarida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad Al-Husaynning Oʻzbekistonga tashriflari hamda ular bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar, shuningdek, davlatimiz rahbarining sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtiroki yakunlari boʻyicha BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga muvofiq oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan «yoʻl xaritalari» qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.
Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan uzoq muddatli Harakatlar strategiyasi va BMT bilan keng koʻlamli hamkorlik dasturining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani alohida taʼkidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillari ahil-inoq, tinch-totuv yashab kelmoqda. Ular oʻz huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Jamiyatimizda doʻstlik va mehr-oqibat, millatlararo va dinlararo totuvlik muhiti yanada mustahkamlanmoqda.
BMT maxsus maʼruzachisi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, bagʻrikenglik va vijdon erkinligini taʼminlash, dinga eʼtiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha yangi bosqichda amalga oshirilayotgan oʻzgarish va islohotlarni yuksak baholadi.
Maxsus maʼruzachi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bayon etilgan tashabbuslarning dolzarbligi va oʻz vaqtida ilgari surilganini alohida qayd etdi.
Xususan, Ahmad Shahid «Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik» nomli maxsus rezolyusiyani qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotgani toʻliq qoʻllab-quvvatladi.
Uchrashuvda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlar sohasida oʻzaro muvofiqlashtirilgan choralar koʻrish va qoʻshma tadbirlar oʻtkazish masalalari ham muhokama qilindi.
BMT maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda Oʻzbekistonga tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi bilan tizimli, ochiq va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini qayd etdi.